Jallodlar xizmatidagi advokatura: O‘zbekiston Advokatlar palatasi — pora uzatishdagi vositachi

01.06.2026 admin

Podpolkovnik Rahmonov himoyachilarining “tozalanishi” advokatura institutining maxsus xizmatlar diktaturasi oldidagi taslimiyatini qanday ochib berdi?

DXX va Harbiy prokuraturadagi hibslar: O‘zbekistonda nimalar bo‘lyapti?

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston matbuotida Respublika Harbiy sudi va Harbiy prokuraturasi raislari hamda ularning o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Shu bilan birga, Davlat xavfsizlik xizmati Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasining yuqori martabali xodimlari hibsga olingani ham ma’lum bo‘ldi.

Ushbu voqealarning barchasini bir jihat birlashtirib turibdi: figurantlarning aksariyati “O‘ZTEXTREYD” Davlat Unitar Korxonasi orqali davlat mablag‘larini keng keng ko‘lamli talon-taroj bilan bog‘liq yagona jinoiy zanjirning bo‘g‘inlari bo‘lgan. “Erkin O‘zbekiston” harakati o‘z axborot resurslarida ushbu sxemaning tafsilotlarini bir necha bor ochiqlagan edi. Buning oqibatida platformalarimiz O‘zbekiston hukumati tomonidan muvofiqlashtirilgan kiberhujumlarga duchor bo‘ldi.

O‘zbekiston mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilish bo‘yicha yirik korrupsion sxemani DXX Harbiy aksilrazvedka boshqarmasi xodimi, podpolkovnik Valijon Rahmonov fosh etib, hujjatlashtirgan va bevosita rahbariyatiga ma’lum qilgan edi. Biroq, mazkur jinoiy sindikatni fosh qilgan shaxs mukofot o‘rniga shafqatsiz qatag‘onga duchor bo‘ldi. Podpolkovnik Rahmonov AQSh va BMT foydasiga josuslikda ayblanib, soxtalashtirilgan ish doirasida noqonuniy ravishda 19 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Mazkur qatag‘onlar to‘lqini podpolkovnikning advokatlari — Allan Pashkovskiy va Vladimir Nikitinni ham chetlab o‘tmadi.

O‘zlarining prinsipial pozitsiyasi va jinoiy guruh o‘yin qoidalariga bo‘ysunmaganliklari badalini ular o‘z kasbiy faoliyatlari bilan to‘ladilar: O‘zbekiston Advokatlar palatasining ko‘magi ostida har ikki advokat litsenziyasidan mahrum etildi. Bugungi surishtiruvimiz aynan podpolkovnik Rahmonovning himoyachilariga qarshi qaratilgan ana shu tazyiqlarga bag‘ishlanadi.

Advokatlar Palatasi — maxsus xizmatlar nazoratidagi tuzilma

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro anjumanlarda O‘zbekiston Advokatlar Palatasi rahbariyati muntazam ravishda tuzilmaning mustaqilligiga doir bayonotlar berishdan charchamaydi. Hukumatparast tashkilotlar ham go‘yoki mamlakatda advokatura fuqarolik jamiyatining mustaqil instituti ekani haqidagi iddaolarni ilgari surib keladi.

Ammo reallik aslida qanday?

Haqiqatda esa, rasmiy targ‘ibot pardasi ortida tizimli inqiroz yashiringan. Ommaviy korrupsiya, urug‘-aymoqchilik va rahbariyatning moliyaviy qonunbuzarliklari tufayli O‘zbekiston Advokatlar Palatasi falaj holatga kelgan. Advokatlar huquqlarini himoya qilish o‘rniga, Palata huquq-tartibot idoralarining mustaqil va prinsipial advokatlarni yo‘q qiluvchi jazolash vositasiga aylandi.

Mustaqil himoyaning yo‘q qilinishi asosida yaqqol konstitutsiyaviy qarama-qarshilik yotibdi. O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida“gi va “Advokatlik faoliyatining kafolatlari to’g’risida“gi qonunlari ijro hokimiyatining advokatura ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazoratini mustahkamlab, hokimiyatlarning bo‘linishi prinsipini buzmoqda.

Ushbu nazoratning asosiy vositasi Advokatlar palatasi raisining faqatgina Adliya vazirligi tavsiyasi bilan tayinlanishi bo‘ldi. Ma’muriy bo‘ysunishning yaqqol isboti sifatida 2023-yil 18-noyabrda Palataning IV konferensiyasida yuz bergan voqealarni keltirish mumkin: o‘shanda adliya vaziri Akbar Toshqulov tadbirda shaxsan ishtirok etib, tuzilmaning hozirgi rahbari Shuhrat Sodiqov nomzodini taklif qildi, aslida esa uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tayinlab ketdi.

Bunday tartib O‘zbekiston Konstitutsiyasining advokatura mustaqilligi, o‘z-o‘zini boshqarishi va uning faoliyatiga aralashishni taqiqlashni kafolatlovchi 141 hamda 142-moddalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzadi.

Konstitutsiyaviy normalarning e’tiborsiz qoldirilishi halokatli oqibatlarga olib keldi: bor-yo‘g‘i bir yil ichida — 2024-yil oxiridan 2025-yil oxirigacha — mamlakatda amaliyotchi advokatlar soni 5 000 nafardan 3 500 nafargacha qisqardi. Advokatlar korpusining deyarli uchdan bir qismi (30%) yo‘qotilishi respublikada mustaqil himoya institutining uzil-kesil yakun topganini (demontaj qilinganini) anglatadi.

Mustaqil advokatlar qiynoqlar va soxtalashtirishlarni qayd etganlarida (podpolkovnik Rahmonovning himoyachilari bilan sodir bo‘lgani kabi), kuchishlatar tuzilmalar va sudlar protsessual tartibdan tashqari jazolash sxemasini ishga tushiradilar.

Tizimga bo‘ysunmagan advokatlarni jazolash uchun Advokatlar Palatasiga go‘yoki kasb etikasi buzilgani to‘g‘risida asossiz shikoyatlar kiritiladi.

Oddiy aholining shikoyatlari oylab qolib ketayotgan bir paytda, “noqulay” himoyachilarga oid bu kabi ishlar Palata rahbariyatining nazorati ostida, Malaka komissiyalari tomonidan shoshilinch ravishda 1-2 kunda ko‘rib chiqiladi.

Advokatlik maqomidan mahrum qilish jarayoni bor-yo‘g‘i 10–15 daqiqa vaqt oladi: hech qanday ekspertiza va guvohlarsiz himoyachi shunchaki “aybdor” deb topiladi.

Shundan so‘ng adliya organlari sudlarga da’vo arizalari kiritadi, sudlar esa litsenziya amal qilishini tugatish haqidagi qarorlarni tezkorlik bilan “muhrlab” beradi.

Shu tariqa, advokatura instituti huquqiy maydonni mustaqil fikrli shaxslardan tozalash quroliga aylantirildi.

Advokaturadagi korrupsiya — DXXga itoatkorlikning badali

Maxsus xizmatlar ko‘rsatmalariga bo‘ysunish evaziga O‘zbekiston Advokatlar Palatasida korrupsion sxemalarga aloqador sodiq kadrlar daxlsizligini ta’minlash tizimi barpo etilgan.

Mijozlardan yirik miqdorda pul mablag‘larini olib, o‘z majburiyatlarini bajarmayotgan advokat Eleonora Ubaydullayevaning faoliyati bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Bunday qonunbuzarliklarga chek qo‘yish palataning to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburiyati bo‘lsa-da, fuqarolarning advokat Ubaydullayevaning noqonuniy harakatlari ustidan qilgan har qanday shikoyatlari Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan e’tiborsiz qoldirib kelinmoqda. Chunki Ubaydullayevaning o‘zi shahar Malaka komissiyasi tarkibiga kiradi.

Mazkur tuzilmaning daxlsizligi uning tarkibi qanday shakllantirilgani bilan izohlanadi: unga Davlat xavfsizlik xizmati yuqori lavozimli xodimlarining yaqinlari joylashtirilgan. Bunday korrupsion aloqalar zanjiri Oliy sudgacha yetib boradi. Bu esa, amalda advokaturaning intizomiy institutini maxsus xizmatlar filialiga, hukumatga sodiq advokatlarni esa pora oldi-berdisidagi oddiy vositachilarga aylantirmoqda.

Advokatlar Palatasining markaziy apparati moliyaviy mablag‘larni taqsimlashda mutlaq shaffof emasligini ko‘rsatmoqda. Gap yiliga o‘nlab milliard so‘m haqida ketmoqda, bu mablag‘lar butun mamlakat bo‘ylab majburiy badallar, grantlar va, albatta, “ixtiyoriy xayriyalar” sifatida rasmiylashtirilgan poralar hisobidan oqib keladi.

Palata rahbariyati mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillardan foydalanishni rad etib, qimmatbaho xorijiy lyuks jiplarda, ya’ni yo‘ltanlamas avtomobillarda yurishni afzal ko‘radi. Shu bilan birga, tashkilot bosh hisobchisi Usmonovning bevosita ishtirokida mol-mulkni talon-taroj qilish sxemasi yo‘lga qo‘yilgan: xizmat avtomobillari qoldiq qiymati nolga tenglashtirilib balansdan chiqariladi, so‘ngra sodiq xodimlarning nomiga rasmiylashtirilib, bozorda real narxida qayta sotiladi.

Palata raisi o‘rinbosari Asliddin Mahammadiyev oyiga 20 million so‘mdan ortiq rasmiy maosh olishiga qaramay, bir yildan ortiq vaqt davomida majburiy a’zolik badallarini to‘lamay kelmoqda.

Buning ustiga, rais Shuhrat Sodiqov va uning o‘rinbosari o‘z nazoratlaridagi boshqaruv orqali advokatlar fondi mablag‘laridan o‘z-o‘zlariga foizsiz qarzlar ajratishgan. Xususan, Sodiqov va Mahammadiyev uy-joy sharoitini yaxshilash bahonasida tashkilot byudjetidan har biri uchun 620 million so‘m miqdoridagi mablag‘ni amalda qaytarmaslik sharti bilan olib chiqishdi.

Palataning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sardor Mamatqulov professional masalalarni huquqiy maydondan tashqarida — kuchishlatar tuzilmalar xodimlari bilan yopiq uchrashuv hamda ziyofatlarda hal qilish amaliyotini odat tusiga kiritgani diqqatga sazovordir.

Ushbu parda ortidagi kelishuvlar himoya mustaqilligini uzil-kesil yo‘q qilib, advokaturani tergov organlarining shunchaki bo‘ysunuvchi quroliga aylantirmoqda.

Maxsus xizmatlar diktaturasi oldida taslimiyat

O‘zbekiston Advokatlar palatasi shunchaki chuqur inqirozda emas, u to‘liq ma’naviy va huquqiy taslimiyatni boshdan kechirmoqda. Tizimli korrupsiya, urug‘-aymoqchilik, mahalliychilik va tashkilot mablag‘larining talon-toroj qilinishi inson huquqlarini himoya qilishi shart bo‘lgan organni buyurtmali jazolash filialiga aylantirdi. Palata rahbariyati Adliya vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati bilan til biriktirib, mustaqil bo‘lishi kerak bo‘lgan institutni maxsus xizmatlar nazoratiga topshirib qo‘ydi. Ularning sodiqligi jazosiz qolish imkoniyati bilan taqdirlanmoqda: kuchishlatar tuzilmalar “qo‘lbola” kadrlarning moliyaviy nayranglariga ko‘z yumadi, ular esa buning evaziga huquqiy maydonni tozalash bo‘yicha buyurtmalarni so‘zsiz muhrlab berishadi.

Mutlaq qo‘rquv va majburiy sukunat muhitida O‘zbekiston advokaturasi uzil-kesil itoatkor soyalar teatriga aylandi. Ushbu tomoshaning haqiqiy rejissyorlari esa mamlakatdagi mustaqil fuqarolik jamiyatining so‘nggi institutlarini uslubiy ravishda yo‘q qilayotgan pogonli buyurtmachilardir.

Ko‘plab oddiy advokatlar mamlakat huquq tizimida yuz berayotgan falokat ko‘lamini, “menga tegmayapti-ku”, deya e’tiborsiz qoldirmoqdalar. Ular o‘zlarini shaxsiy xavfsizlik illyuziyasi bilan ovutishmoqda, ammo bu — halokatli yanglishishdir. Palata rahbariyati tomonidan ishga tushirilgan qatag‘on konveyeri isbotladiki, chetda qolish hech kimga nasib etmaydi. Ertaga ushbu buyurtma arizalar va soxtalashtirilgan ishlar fabrikasi har bir kishining, xususan, inson huquqlarini halol, professional va murosasiz himoya qilishga jur’at etgan har bir advokatning ortidan keladi.

Agar O‘zbekiston advokatlar hamjamiyati o‘z saflarini mustaqil bo‘lmagan, maxsus xizmatlar ta’siridagi va xufyona manfaatdor shaxslardan tozalay olmasa, mamlakatda qonun ustuvorligidan asar ham qolmaydi. Oqibatda, mustaqillik hamda daxlsizlikka oid barcha konstitutsiyaviy kafolatlar shunchaki quruq deklaratsiyaga aylanib qoladi.

Bugun mamlakat mustaqil himoya institutini butunlay yo‘qotish yoqasida turibdi. Buning oqibatida O‘zbekiston sud-huquq tizimi qatag‘onlarni shunchaki qonuniylashtirib beruvchi va yuqoridan berilgan hukmlarga itoatkorlik bilan qo‘l qo‘yadigan irodasiz qo‘g‘irchoqlardan iborat bo‘lib qolish xavfi ortmoqda.

Haqiqat lahzasi: podpolkovnik Rahmonov ishi

Podpolkovnik Rahmonov va uni himoya qilgan advokatlarning ta’qib qilinishi ushbu tizimli inqirozning yorqin tasdig‘i bo‘ldi. Bugungi kunda jinoyat ishini olib borgan tergov guruhi a’zolarining hibsga olingani ushbu soxtalashtirilgan ishni amalda butunlay fosh qildi.

Yuzaga kelgan vaziyatdagi yagona qonuniy yechim — yangi ochilgan holatlar asosida sud hukmini bekor qilish va ushbu soxtalashtirilgan ish tashkilotchilarining qilmishlariga jinoiy-huquqiy baho berishdir. Podpolkovnik Rahmonov zudlik bilan qamoqdan ozod etilib, to‘liq reabilitatsiya qilinishi, prinsipial advokatlar — Allan Pashkovskiy va Vladimir Nikitinning professional litsenziyalari esa zudlik bilan qaytarilishi shart.

Rahmonov, Pashkovskiy va Nikitin ishi bo‘yicha boshqacha qaror qabul qilinishi — bu ta’qiblarning namoyishkorona siyosiy xususiyatga ega ekanidan dalolat beradi. Ushbu soxtalashtirilgan ishni qayta ko‘rib chiqishdan bosh tortish O‘zbekistonda odil sudlov tizimi batamom yo‘q qilinganidan dalolat beradi. Bunday qadam xalqaro huquqiy mexanizmlarni ishga tushirib, tashqi bosimlarni kuchaytiradi va davlatning xalqaro nufuziga jiddiy zarar yetkazadi.

leave a comment