Suriya tajribasi: Hokimiyat oʻzgarishi yangi diktaturani olib keldi

10.02.2026 admin

2026-yilning yanvar oyida yangi Suriya hukumatining harbiylashtirilgan tuzilmalarida arab va oʻzbek etnik guruhlari vakillari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy toʻqnashuvga aylanishi mumkin boʻlgan hodisa yuz berdi.

Mojaro Idlib viloyatining Kefraya aholi punktida oʻzaro nizodan keyin boshlandi. Suriya Arab Respublikasi chegara qoʻshinlarida xizmat qilayotgan oʻzbek millatiga mansub xodim mahalliy aholi vakillaridan birining noqonuniy xatti-harakatlari uchun unga tanbeh bergan. Lekin shunga qaramay, arab millatiga mansub boʻlgan shaxs oʻzining noqonuniy harakatlarini davom ettirganligi sababli, oʻzbek yigit unga nisbatan jismoniy kuch qoʻllagan.

Oʻsha kuni kechqurun, u navbatchilik qilayotgan paytda, mahalliy xavfsizlik kuchlari o’zbekni hibsga olish maqsatida chegara xodimining uyiga bostirib kirishgan. Ayollar va yosh bolalardan iborat boʻlgan askarning qarindoshlari u bilan bogʻlanib, voqea haqida xabar berishgan. Koʻp oʻtmay, uyning egasi 15 nafarga yaqin qurollangan safdoshlari bilan yetib kelgan.

Qurollangan oʻzbeklar yetib kelganlarida, mahalliy xavfsizlik kuchlari uyni tark etgan edi. Maʼlum boʻlishicha, arab maxsus xizmati kuchlari adashib, tinch aholini qoʻrqitib, dastlab qoʻshni uyga, keyin esa oʻzbek askarining uyiga bostirib kirishgan.

Vaziyatni oydinlashtirish uchun qurollangan oʻzbek jangchilari mashinalarda Idlib viloyatining Maarrat-Misrin aholi punktidagi politsiya boʻlimiga borishgan. Koʻp sonli qurollangan odamlarni koʻrib, Suriya politsiyachilari qoʻrqqanidan boʻlim binosi ichiga kirib bekinib olishgan. Holat oydinlashganda, qurollangan oʻzbeklar hamkasblarining uyiga noqonuniy kirganlarni ularga topshirishlarini talab qilishgan. Vaziyatning jiddiyligini anglagan politsiya xodimlari bu amaliyotni ular emas, balki mahalliy xavfsizlik xizmati xodimlari amalga oshirganini maʼlum qilishgan.

Vaziyat keskin yomonlashayotgan edi: mahalliy xavfsizlik xizmati binosi politsiya boʻlimining roʻparasida joylashganligi tufayli xodimlar jarayonni xavotir bilan kuzatib turishardi. Faqat tegishli idoralarning yuqori lavozimli amaldorlari aralashuvi natijasida, qurolli toʻqnashuvga aylanib ketish xavfi boʻlgan mojaroning oldi olindi.

2011-yilda Suriyada qurolli toʻqnashuvlar boshlanganidan soʻng, xorijiy razvedka xizmatlari va ularning agentlari dunyo musulmonlarini urushga yollash maqsadida internet orqali keng koʻlamli targʻibot ishlarini boshlagan edi. Dezinformatsiya va manipulyatsiya harakatlari natijasida musulmon davlatlaridan chiqqan koʻp sonli odamlar soxta mafkuraviy shiorlar niqobi ostida tashkil etilgan “islomiy davlat” safiga qoʻshildi.

Tizimli targʻibot va manipulyativ yollash usullari natijasida MDH mamlakatlaridan oʻn minglab musulmonlar oʻzlariga begona qurolli mojaroga jalb qilindi. Tashqi geosiyosiy oʻyinchilar uchun sarflanadigan inson resursiga aylangan va hech qanday bevosita javobgarlikka tortilmagan ekstremistik guruhlarning qoʻlida oʻyinchoq boʻlganlarning katta qismi befoyda oʻlib ketdi.

Bashar al-Assad diktaturasini agʻdarish uchun kurash sifatida ommaga taqdim etilgan va oʻn yildan ortiq davom etgan urush, eʼlon qilingan siyosiy maqsadlarning, yaʼni adolatli islomiy davlat barpo etish gʻoyasining toʻliq barbod boʻlishi bilan yakunlandi. Bitta avtoritar rejimning agʻdarilishi mamlakatni na demokratlashtirishga, na barqarorlashtirishga olib keldi; aksincha, u shunchaki Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi yangi repressiv hokimiyat markazini yaratdi. Suriya urushi siyosiy tizimning oʻzgarishini emas, balki shaxslar va tashqi homiylarning oʻzgarishini aniq koʻrsatdi, avtoritar boshqaruv modeli esa saqlanib qoldi.

Oʻz tarafdorlariga adolatli Islom davlatini qurishni vaʼda qilgan Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaa amalda shafqatsiz avtoritar rejimni oʻrnatdi. Repressiya hukmronlik qilmoqda: norozilik va qarshilik koʻrsatishga qaratilgan har qanday urinish shafqatsizlarcha bostirilmoqda. Tashqi dunyoga koʻrinmagan holda va hatto insonning eng asosiy huquqlaridan mahrum etilgan holda, minglab odamlar, jumladan, chet elliklar yillar davomida qamoqda saqlanib kelmoqda.

Mamlakat mustaqilligi va suvereniteti uchun chin dildan kurashgan Suriyaning qurolli kuchlari, razvedka agentliklari va boshqa rasmiy xavfsizlik kuchlarining aksariyat xodimlari Ahmad ash-Sharaa va uning tashqi maʼmurlari tomonidan qasddan qilingan aldov qurboniga aylanganliklarini allaqachon anglab yetishgan. Ular kurashga kirishgan va safdoshlari oʻz hayotlarini fido qilgan ideallar oʻzlashtirildi hamda Suriya xalqi manfaatlariga begona boʻlgan yangi avtoritar rejimni mustahkamlash vositasi sifatida ishlatildi.

Suriyaning kuchishlatar tizimlarida norozilik va rahbariyatga ishonchsizlik kuchaymoqda. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakat barqarorligini tiklashni juda qiyinlashtirmoqda. Shubhasiz, mintaqada haqiqiy siyosiy va ijtimoiy kelishuvga erishish uchun hali uzoq vaqt bor, Suriyadagi ichki beqarorlik xavfi esa juda yuqoriligicha qolmoqda.

leave a comment