Guvohning yo’q qilinishi: Mirziyoyev rejimining zindonida mahkamasiz qatl

05.03.2026 admin

Suddan tashqari qatl

Joriy yilning 25-fevraldan 26-fevralga o’tar kechasi Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi 13-sonli koloniyaning jazo izolyatori kamerasida Ismoil Jahongirov o‘lik holda topilgan.

U Komil Allamjonovga nisbatan “suiqasd” deb atalgan shov-shuvli ish bo‘yicha asosiy guvohlardan biri edi. U O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning o’ynashi Komil Allamjonov ishi doirasida muhim guvoh bo‘lgan.

Jahongirovning o‘limi mahkumlar to‘liq izolyatsiya va penitensiar tizimning mutlaq nazorati ostida saqlanadigan sharoitda yuz bergan. Shu bois bu holat “o‘z joniga qasd qilish” haqidagi versiya bilan mutlaqo mos kelmaydi. Mirziyoyev rejimiga aloqador OAV tomonidan faol ravishda tarqatilayotgan mazkur talqin, jamoatchilikni chalg‘itish va voqeaning haqiqiy tafsilotlarini yashirishga qaratilgan ongli urinish sifatida ko‘rinadi.

Gap davlat jazoni ijro etish tizimi ichida amalga oshirilgan, asosiy guvohni yo‘q qilish va siyosiy motivlarga ega jarayon izlarini butunlay berkitishga qaratilgan qasddan sodir etilgan suddan tashqari qatl haqida bormoqda.

Tergov versiyasiga ko‘ra, Komil Allamjonovga suiqasdning asosiy buyurtmachisi sifatida Prezident Davlat xavfsizlik xizmati ichki xavfsizlik boshqarmasining sobiq rahbari Shuxrat Rasulov ko‘rsatilgan, ijrochilardan biri sifatida esa Ismoil Jahongirov ko’rsatilgan.

2024 yil 27 dekabr kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi “Allamjonov ishiga” Rossiyaning ikki fuqarosi — Bislan Rasayev va Shamil Temirxanov ham aloqador ekani haqida ma’lum qilgan. Sud ularga nisbatan sirtdan qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llagan, shundan so‘ng ular Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan.

Shu bilan birga, Mirziyoyev rejimi nazoratidagi OAV Allamjonov ishiga Checheniston rahbari Ramzan Qodirov aloqadorligi haqidagi versiyani faol targ‘ib qilgan va tegishli axborot narrativini shakllantirgan. Mazkur material e’lon qilingan paytga kelib, Rasayev va Temirxanov Interpol qidiruv bazasida mavjud emasligi aniq bo’ldi.

O‘zbekiston harbiy sudi tomonidan to‘liq maxfiylik sharoitida ko‘rib chiqilgan soxtalashtirilgan jinoyat ishida o‘n nafar ayblanuvchi qatnashgan bo‘lib, ularning har biri 7 yildan 23 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan. Jarayonning yopiqligi va ma’lumotlarning bostirilishi ushbu ishning siyosiy xarakterini yaqqol namoyon etadi; unda chet el fuqarolari siymosidan soxtalashtirishlarni qonuniylashtirish va “tashqi dushman” qiyofasini yaratish uchun foydalanilgan.

“Allamjonov ishi”ga mustaqil nazar

Ismoil Jahongirovning o‘limi, eng qaltis pallada, ya’ni soxtalashtirilgan ayblovlar mustaqil surishtiruvlar bosimi ostida parchalana boshlagan vaqtda yuz berdi.

“Erkin Oʻzbekiston” siyosiy muxolifat harakati boshidanoq Komil Allamjonovga qilingan “suiqasd” puxta rejalashtirilgan va sahnalashtirilgan, jinoiy ish esa mutlaqo siyosiy motivlarga ega ekanini ochiqchasiga ta’kidlab kelgan. Ushbu pozitsiya harakatning o‘z axborot resurslari hamda xalqaro maydon orqali izchil ravishda izchil ravishda gapirib, ayblovlarning sun’iy va manipulyatsion xarakterga ega ekanligiga shubha qoldirmadi.

Erkin O’zbekistonning prinsipial pozitsiyasi harakat ijtimoiy tarmoqlariga nisbatan tizimli va muvofiqlashtirilgan hujumlarga sabab bo‘ldi. Bular ommaviy shikoyatlar, axborot bosimi kampaniyalari va maqsadli blokirovkalarni o‘z ichiga olgan. Ushbu harakatlar Mirziyoyev rejimiga aloqador tuzilmalar tomonidan tashkillashtirilgan yoki muvofiqlashtirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida jiddiy asoslar mavjudligi ta’kidlanadi.

Joriy yilning 8 yanvar kuni Erkin O’zbekiston harakati “Allamjonov ishi” bo‘yicha surishtiruv materialini e’lon qildi. Uning videoversiyasi harakatning YouTube platformasida bir milliondan ortiq ko‘rishlarni to‘pladi.

Javob zudlik bilan qaytarildi: 10 yanvar kuni o‘zini mustaqil axborot resursi sifatida taqdim etuvchi, biroq rasmiy narrativni uzatishda davom etayotgan “Radio Ozodlik”ning o‘zbek xizmati muqobil surishtiruv versiyasiga axborot pardasini yaratish maqsadida bahsli videorolik chiqardi.

Shu bilan bir qatorda, Saida Mirziyoyeva va Komil Allamjonovning ishonchli vakillari o‘zbek va rus tillaridagi materiallarni yo‘q qilish maqsadida turli bosim usullaridan, jumladan, pora va tahdidlardan foydalandi. Shuningdek, ular YouTube’ning yuridik xizmatiga “maxfiylikni buzish” da’vosi bilan sakkizta shikoyat yubordi, biroq platforma ularni asossiz deb topib, rad etdi.

Ismoil Jahongirovning suddan tashqari qatl xronikasi

“Erkin O’zbekiston” harakati resurslarida muqobil surishtiruv e’lon qilinishi O‘zbekistonda keng jamoatchilik rezonansini uyg‘otdi va siyosiy provokatsiya tashkilotchilari orasida keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi. Keyingi voqealar Mirziyoyev rejimi repressiv mexanizmlardan foydalangan holda, keraksiz guvohlarni yo‘q qilish bo‘yicha yaxshi o‘rnatilgan stsenariy asosida amalga oshirildi.

2026 yil fevral oyining ikkinchi o‘n kunligida koloniya ma’muriyati Ismoil Jahongirovni Navoiy viloyatidagi kuchaytirilgan tartibli koloniyaga o‘tkazish haqida rasmiy xabar berdi. Bu qaror, aslida, asosiy guvohni “yo‘q qilish” jarayonining yakuniy bosqichi boshlanganini bildirardi.

23 fevral kuni esa ichki tartib-qoidalarni buzgan degan asossiz bahona bilan, Ismoil Jahongirov jazo izolyatoriga o’tqazildi. O‘zbekiston qamoqxonalari sharoitida jazo izolyatori mahkumlarni deyarli barcha himoya vositalaridan mahrum qiladi, ularni to‘liq kuch tuzilmalari ixtiyoriga topshiradi va tizimli bosim ob’ektiga aylantiradi.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti manbasining ma’lumotiga ko‘ra, 25 fevral kuni himoyachi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan va soat 17:00 holatiga Jahongirov “to‘liq sog‘lom” ekanligi qayd etilgan.

Biroq O‘zbekistonda mustaqil advokatura amalda mavjud emasligi, jazo izolyatorida saqlanayotgan mahkumlar esa Jinoyat-ijroiya kodeksining 109-moddasiga ko‘ra nazoratchilardan tashqari tashqi dunyo bilan muloqot qilish huquqidan mahrum etilgani inobatga olinsa, bunday “tasdiq” oldindan rejalashtirilgan sahnalashtirish sifatida baholanishga asos bo’ladi.

Advokat aslida ma’muriyatning bir vositasi rolini bajargan. U jazoni ijro etish tizimi uchun rasmiy alibi yaratib, mahbusning ahvoli yaxshi degan soxta tasavvurni shakillantirgan, vaholanki, o‘sha vaqtda Jahongirov allaqachon qatl qilingan bo‘lishi mumkin edi.

26 fevral tongida Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani hokimiyati xodimlari Jahongirovning oilasi huzuriga kelib, uning go‘yoki o‘z joniga qasd qilishga uringanidan so‘ng reanimatsiyaga olib ketilgani haqida xabar bergan. Qarindoshlari koloniyaga yetib kelganida, ularga muassasa rahbariyati bilan uchrashishga ruxsat berilmagan. Faqat yarim tunda koloniya ma’muriyati Ismoil Jahongirov jazo izolyatoridagi kamerasida o‘z kiyimiga osilgan holda topilgani haqida oila a’zolariga ma’lum qilgan.

Jasadni ko‘zdan kechirgan mutaxassis Ismoilning tanasida ko‘plab gematomalar borligini hamda yuqori va pastki jag‘ tishlari bir-biriga qattiq siqilganini aniqlagan — bular zo‘ravonlik alomatlaridan dalolat beruvchi asosiy belgilardir. Ushbu ma’lumotlar o‘ta muhim bo‘lishiga qaramay, rasmiy bayonnomaga kiritilmagan. Mazkur holat voqea tafsilotlarini yashirish hamda ‘o‘z joniga qasd qilish’ haqidagi soxta talqinni qonuniylashtirishga urinish deb baholanadi.

Ismoil Jahongirov o‘sha kunning o‘zida — zarur toksikologik va anatomik ekspertizalar o‘tkazilmasdan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning to‘liq nazorati ostida shoshilinch dafn etildi.

Bunday holat Mirziyoyev rejimi o‘z jinoyatlari izini yashirish uchun har qanday choraga tayyor ekanligini ko‘rsatadi.

Ismoil Jahongirovning o‘limi haqidagi rasmiy versiyani sharhlar ekan, O‘zbekiston Jazoni ijro etish departamentidagi manba mamlakatdagi jazo izolyatorlarining kameralarida, jumladan, Chirchiq shahridagi 13-sonli koloniyada ham o‘z joniga qasd qilish amalda imkonsiz ekanini ta’kidladi. Har bir kamera to‘liq nazorat ostida: chiroq tunu kun yoniq; videokuzatuv doimiy; kamera eshiklarining kuzatuv teshiklari har 15 daqiqada tekshiriladi; kuniga ikki marta puxta ko‘rik o‘tkaziladi. Jazo izolyatorlarida o‘zini osish uchun ilinish mumkin bo‘lgan buyumlar mavjud emas. Bunday sharoitlar “o‘z joniga qasd qilish” haqidagi rasmiy talqinni asossiz va mahkumlarni saqlashning amaldagi tartibiga zid ekanini ko‘rsatadi.

Bunday sharoitda hukumatning “o‘z joniga qasd qilish” haqidagi talqini sahnalashtirilgan tomosha deb hisoblash mumkin. Sodir bo‘lgan voqeani baxtsiz hodisa sifatida talqin qilishga urinish Mirziyoyev rejimining sudsiz qatlni qonuniylashtirish va o‘z jinoyatlari izini yashirishga bo‘lgan ochiqdan-ochiq urinishidir.

O‘lim hukmiga aylangan murojaatlar

O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik qiluvchi ommaviy axborot vositalari Saida Mirziyoyevaning ishqiy hamkoriga nisbatan go‘yoki suiqasd sodir etilgani haqida xabar tarqatganidan bir kun o‘tib — 2024 yil 27 oktyabrda — keyinchalik jinoyatning ikkinchi ijrochisi sifatida 23 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Shohrux Ahmedov, Ismoil Jahongirov bilan birgalikda ijtimoiy tarmoqlar orqali video murojaatlarini e’lon qildi.

Unda ular “Allamjonov ishi”ga aloqador ekanliklarini ma’lum qilib, O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlariga ixtiyoriy ravishda taslim bo‘lishlarini bildirgan. Shu bilan birga, mamlakatdagi tergov izolyatorlari va koloniyalarda o‘lim holatlari ko‘payganini ta’kidlab, o‘z hayotlari uchun xavotirda ekanliklarini ham eslatib o’tishgan. Shuningdek, biror favqulodda hodisa yuz bersa, ularning taqdiri uchun javobgarlik to‘liq huquq-tartibot idoralari zimmasida bo‘lishini aytishgan.

O‘sha kunning o‘zidayoq ular O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari va maxsus xizmatlari rahbariyatiga yo‘llangan audioyozuvni ham e’lon qilishdi.

Undagi asosiy bayonotga ko‘ra, Komil Allamjonovga nisbatan hech qanday suiqasd bo‘lmagan. Murojaat yo‘llovchilar ma’lum shaxslar tomonidan pul evaziga yollanganliklarini va ‘hujumchilar’ rolini ijro etishga rozi bo‘lganliklarini, biroq voqea ko‘lami hamda oqibatlarini to‘liq anglamaganliklarini bildirishgan. Shuningdek, ular aldanganliklarini, siyosiy ‘sahnalashtirilgan o‘yin’da shunchaki ‘sarflanadigan material’ sifatida foydalanilganliklarini hamda ushbu hodisa aslida PR-aksiya bo‘lganini ta’kidlashgan.

O‘zlarining siyosiy o‘yinlar qurboniga aylanganini anglab yetgan Jahongirov va Ahmedov huquq-tartibot idoralariga murojaat qilib, o‘z aybsizliklarini tasdiqlovchi rad etib bo‘lmas dalillarni taqdim etishni hamda ushbu fitna ortida turgan haqiqiy tashkilotchilarning ismlarini oshkor qilishni maqsad qilgan edilar. Shu orqali ular o‘z xavfsizliklarini ta’minlash hamda hayotlariga bo‘lgan tahdid va manipulyatsiya holatlari yuzasidan rasmiy tergov boshlanishiga erishmoqchi edi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston ichida va tashqarisida “Allamjonov ishi”ni yoritgan axborot agentliklari videomurojaatning faqat dastlabki soniyalarini e’lon qilib, parchalarni maqsadli ravishda kontekstdan uzib taqdim etdilar hamda bayonotlarning mazmuni haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllantirdilar.

Mediaresurslar hech qanday dalil keltirmasdan, amalda Jahongirov va Axmedovni jinoyat sodir etganlikda ayblab, jamoatchilik ongiga siyosiy sahnalashtirish mualliflarining talqinini singdirishga urindilar.

Murojaatning asosiy qismi hamda unga ilova qilingan, oldindan rejalashtirilgan sahnalashtirish va ularni chalg‘itish haqidagi bayonotlar o‘rin olgan audioyozuv esa to‘liq e’tiborsiz qoldirildi. Shu tariqa, ularning ommaviy himoyalanish imkoniyati cheklab qo‘yildi, axborot makonidan esa ularning hayotini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf ostiga qo‘yuvchi ayblov muhitini shakllantirish uchun foydalanildi.

Qat’iy avtoritar tizim sharoitida, ya’ni qonun ustuvorligi, mustaqil advokatura, sud hokimiyati va erkin ommaviy axborot vositalari mavjud bo‘lmagan vaziyatda, ushbu qadam amalda Jahongirov va Axmedovning oldindan rejalashtirilgan qatag‘on qurbonlariga aylanishini anglatdi.

Davlat organlari ularga protsessual kafolatlar va himoya taqdim etish o‘rniga, jinoiy ta’qibni boshladi, ayblov hukmining chiqarilishini ta’minladi hamda ularni yakkalab qo‘ydi.

Ismoil Jahongirovning yopiq muassasada o‘ldirilishi “o‘z joniga qasd qilish” deb talqin qilindi. Bu esa mavjud sharoitda sudsiz qatlni institutsional tarzda yashirishga urinish, shuningdek, voqealarning rasmiy talqiniga ochiq e’tiroz bildirmoqchi bo‘lgan barchaga namoyishkorona signal sifatida ko‘riladi.

Matbuotning qatag‘onni legallashtirishdagi roli

Ushbu fojia doirasida tarafkash matbuotning, xususan, “Ozodlik” radiosini va ularning O‘zbekistondagi muxbiri, “Ezgulik” inson huquqlari tashkiloti rahbari hamda “Birlik” muxolifat harakatining norasmiy yetakchisi sifatida noqonuniy saylanib olgan Abdurahmon Tashanovning rolini alohida ta’kidlash lozim.

Shuni e’tiborga olish kerakki, avvalgi Islom Karimov rejimi davrida ham, Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” siyosiy konsepsiyasi sharoitida ham mustaqil matbuot va fuqarolik jamiyati vakillarining erkin faoliyat yuritishi amalda imkonsiz bo‘lib qolmoqda. Jahon hamjamiyatida so‘z erkinligi mavjudligi haqida tasavvur uyg‘otish maqsadida, hokimiyat, Tashanov va uning tashkilotidan O‘zbekistonda demokratiya hamda inson huquqlariga rioya etilayotgani haqidagi tashqi dalil sifatida foydalanib kelmoqda.

Rejim mahsuli bo‘lgan Tashanovga qat’iy dozalangan ma’lumotlarni bayon etish hamda mamlakatdagi vaziyatni rasmiy talqinga mos ravishda aks ettiruvchi, hukumatga ma’qul inson huquqlari bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash imkoniyati berilgan. Shu bilan birga, hokimiyat uni O‘zbekistondagi “muqobil fikr”ni oshkor etish bo‘yicha deyarli monopol subyektga aylantirgan va zarur bo‘lganda aynan u orqali rejimga kerakli — masalan, “Allamjonovga suiqasd” kabi — narrativlar yoki dezinformatsiyalarni tarqatadi.

Xususan, Tashanov “Radio Ozodlik”ning o‘zbek xizmati orqali “Allamjonov ishi” haqida birinchi bo‘lib xabar tarqatgan. Shundan so‘ng mahalliy va xorijiy OAV ushbu ma’lumotni tizimli ravishda yoyib, siyosiy sahnalashtirish tashkilotchilaridan birini “jabrlanuvchi” sifatida talqin qila boshlagan.

Shu tariqa, “Allamjonovga suiqasd” ishi hech qanday dalillar taqdim etilmasdan faol targ‘ib qilinib, jamoatchilik fikri rejim manfaatlari yo‘nalishiga burilgan. O‘zbekiston hukumati esa bundan siyosiy repressiyalar va amalda sodir etilgan siyosiy qotilliklar bo‘yicha javobgarlikni yashirish vositasi sifatida foydalanib kelgan. Tashanov ushbu jarayonda rejimning axborot vositasi sifatida xizmat qilib, soxtalashtirilgan ayblovlarni legitimlashtirish hamda muqobil versiyalarni obro‘sizlantirish vazifasini bajargan.

Hatto Erkin O‘zbekiston harakatining ijtimoiy tarmoqlarida Jahongirovning o‘limi hujjatlar bilan tasdiqlangan xabar birinchi bo‘lib e’lon qilinganidan so‘ng ham, “Ozodlik radiosi” va boshqa matbuot vakillari jamoatchilikka Jahongirov go‘yoki Allamjonovga suiqasd qilgan ijrochilardan biri ekani haqidagi versiyani targ‘ib qilishni davom ettirmoqda.

Ushbu maqsadli axborot bosimi davlat va rejim nazorati ostidagi ommaviy axborot vositalaridan soxta narrativni mustahkamlash, jinoyatni ataylab yashirish va asosiy guvohning obro‘sini tushirish maqsadida ongli ravishda foydalanilganini, shu bilan birga siyosiy sahnalashtirishning haqiqiy tashkilotchilari va mualliflarini soya ostida qoldirganini namoyish etadi.

Asosiy guvohning o‘limidan kim foyda ko‘radi?

Ismoil Jahongirovning o‘limi Mirziyoyev rejimi tarafidan so‘nggi “yangi O‘zbekiston” maskasini butunlay yuzidan yechib tashladi. Bu huquqiy davlat emas, balki davlat apparati bilan aloqasini yashirmaydigan chuqur mafiya tuzilmasi bo‘lib, inson hayoti siyosiy hukmronlik uchun faqat almashuv materiali sifatida ko‘riladi. Bu yerda qonun va adolat yuqori lavozimlar manfaatini ta’minlash vositasi sifatida ishlatiladi, har qanday huquqiy protseduralar to‘liq hokimiyat ehtiyojlariga bo‘ysundiriladi.

Vaziyatning xronologiyasi va mantiqi yagona xulosaga olib keladi: Ismoil Jahongirovning o‘limidan asosiy foyda oluvchilar uch shaxsdir — Prezident ma’muriyati rahbari Saida Mirziyoyeva, Davlat xavfsizlik xizmati raisi birinchi o‘rinbosari Botir Tursunov va Prezident ma’muriyati rahbari mustaqil maslahatchisi hamda AQShdagi vakili Komil Allamjonov. Ushbu shaxslar o‘zlarining ma’muriy va kuch ishlatish resurslaridan foydalangan holda “suiqasd urinish” sahnalashtirishini tashkil qilgan, siyosiy raqib pozitsiyalarini zaiflashtirish va muhim guvohlar ustidan to‘liq nazoratni o‘rnatish maqsadini ko‘zlagan.

Ushbu alyans, hokimiyat ichidagi kuchlarni birlashtirib, davlat mashinasining barcha imkoniyatini maqsadiga yo‘naltirgan: “suiqasd”ni sahnalashtirish, siyosiy maydonni tozalash, raqiblarni obro‘sizlantirish va O‘zbekistondagi siyosiy vaziyatni to‘liq nazoratga olish. Bu aniq belgilangan siyosiy harakat bo‘lib, uning maqsadi kichik siyosiy elita qo‘lida hokimiyatni saqlash edi.

Bu mantiqda guvohlarning roli faqat funksional bo‘lgan: ularning hayoti va erkinligi jarayonni boshqarayotgan shaxslarning manfaatiga bo‘ysungan. Ularning ko‘rsatmalarini saqlash faqat ularni dalil soxtalashtirish va siyosiy dushmanlarni yo‘q qilish uchun ishlatish mumkin bo‘lgan paytgacha foydali edi.

“Allamjonov ishi” bo‘yicha muqobil surishtiruvning 8-yanvarda Erkin O’zbekiston resurslarida nashr etilishi siyosiy jarayonning rivojlanishidagi muhim lahzaga aylandi. Fosh etilish va manipulyatsiya faktlarining oshkor bo‘lishidan qo‘rqib, siyosiy jinoyat tashkilotchilari eng keskin choralarni qo‘llashga qaror qildilar. Ismoil Jahongirov siyosiy qotillik qurboni bo‘ldi; bu qotillik Prezident qizi Saida Mirziyoyeva imidji va siyosiy karyerasini saqlash maqsadida uyushtirilgan. Ushbu voqea inson hayoti, qonun va axloqiy normalarga to‘liq e’tiborsizlikni namoyish etdi va siyosiy hokimiyatni saqlash uchun sodir etildi.

Jahongirovning o‘limi shunchaki fojia emas. Bu siyosiy repressiya, sudsiz qatag‘on va siyosiy qotillikning ramzi bo‘lib, Mirziyoyev rejimi davrida O‘zbekistonda norma holiga kelgan. Bu shuni ko‘rsatadiki, avtoritar hokimiyat, huquqiy zaiflik va inson huquqlari faoliyatini bostirish sharoitida har qanday qarshilik yoki haqiqatni oshkor qilish harakati shafqatsiz va g’ayriinsoniy usullar bilan bostiriladi.

Guvohning o‘ldirilishi — harakatga chaqiriq

Chirchiq shahridagi 13-sonli koloniyaning jazo izolyatorida Ismoil Jahongirov oldindan rejalashtirilgan, puxta yashirilgan va maqsadli tarzda amalga oshirilgan sudsiz qatl qurboni bo‘ldi. Bu shunchaki davlat terrori harakati emas — bu Mirziyoev rejimi ostidagi iflos siyosiy kurash markazida qolgan guvohni ongli ravishda yo‘q qilishdir. Ushbu tizimning ishtirokchilari o‘z jinoyatlarining izlarini yashirish va nazorat illyuziyasini saqlash uchun har qanday pastkash usullardan foydalanishga tayyor.

Jahongirovning o‘limi “Allamjonov ishi” bo‘yicha barcha mahbuslarga ochiq signal, chaqiriq: sukut saqlash — o‘lim, faol harakat — omon qolish imkoniyati. Hokimiyat o‘z manfaatlari yo‘lida xalqning qo‘rquvidan foydalanmoqda. Bu zulmli tizimni to‘xtatish va har birimizning qo‘rquvimizni yengishimiz — nafaqat huquqimiz, balki burchimizdir.

Hozircha tirik qolayotgan guvoh mahbuslar darhol harakat qilishi shart. Najotning yagona yo’li – rejimning yolg’onlarini omma oldida fosh qilish va qo’llab-quvvatlash uchun Erkin O’zbekiston harakatiga murojaat qilishdir. Haqiqat qanchalik tez oshkor qilinsa, tirik qolish imkoniyati shunchalik oshadi. Bu sharoitda ehtiyotkorlik bahonasidagi harakatsizlik bevosita o‘lim hukmi bilan tengdir.

Siyosiy mahbuslarning qarindoshlari o‘z yaqinlarining sog‘lig‘i va sharoitlarini doimiy ravishda kuzatib borishlari, qamoqxona ma’muriyatining har bir so‘ziga ishonmasliklari va rasmiylarning har qanday shubhali harakatlari haqida darhol ‘Erkin O’zbekiston’ harakatiga xabar berishlari zarur. Ularning faol pozitsiyasi nafaqat hayotni saqlab qolishi, balki kelgusidagi qurbonlarning oldini olishga ham yordam beradi.

Ushbu jinoiy sxemaning barcha ishtirokchilarining ismlari bo‘yicha ro‘yxat tuzilishi zarur, jumladan ayblovlarni uydirgan, adliya tizimini manipulyatsiya qilgan va jinoiy buyruqlar bergan shaxslar. Ularning har biri o‘z xalqiga qarshi amalga oshirilgan bu terror uchun to‘liq siyosiy va jinoiy javobgarlikni zimmasiga olishi lozim.

Shavkat Mirziyoyev rejimi tushunishi kerak: oraliq kelishuvlar va yashirin manipulyatsiyalar davri tugadi. Yolg‘on vaqti yakunlandi. Endi qon, repressiya va haqiqat hamda erkinlik uchun kurashishga jur’at etganlarni yo‘q qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgarlik vaqti keldi.