IIV provokatsiyasi: Ashrapov ulushdorlarni ayblamoqda

08.05.2026 admin

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining rasmiy media kanallarida 2026-yil 29-aprel kuni “Glamour Gold” moliyaviy piramidasi faoliyatiga chek qo‘yilgani haqida lavha e’lon qilindi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya olti yil davomida ekologik toza uylar qurishni va’da qilib, aholining pullarini o‘zlashtirib kelgan. Axborot ochiqchasiga targ‘ibot ruhida taqdim etildi: asosiy urg‘u ushbu firibgarlik sxemasining fosh etilishi go‘yoki faqatgina O‘zbekiston IIV Tergov departamenti boshlig‘i, polkovnik Ramazon Ashrapovning shaxsiy sa’y-harakatlari tufayli amalga oshganiga qaratilgan.

Materialda tergov organining jabrlanuvchilarga ko‘rsatma berish uchun Toshkent shahar IIBBga murojaat qilish bo‘yicha chaqirig‘i yangradi. Shu bilan birga, videoning o‘zi tushunmovchilik keltirib chiqaradi: firibgarlarning yuzlari xiralashtirilgan.

Bu erda o‘rinli savol tug‘iladi: agar huquq-tartibot idoralari jinoyatchilarning qiyofasini deyarli davlat siriga aylantirgan bo‘lsa, fuqarolar ularni qanday tanib olishlari mumkin?

Videomaterialda polkovnik Ashrapovning ritorikasi alohida e’tiborni tortadi. IIV Tergov departamenti rahbari bir necha faol ayollarni huquq-tartibot idoralari ishiga “to‘sqinlik qilishda” to‘g‘ridan-to‘g‘ri ayblab, ularni tuhmat uchun jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qildi.

2026-yil yanvaridan buyon “Glamour Gold” ishi yuzasidan monitoring olib borayotgan “Erkin O’zbekiston” harakati IIVning ushbu ko‘rsatuvini jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilishga urinish deb hisoblaydi. Shu munosabat bilan, jamoatchilikka o‘z pozitsiyamizni taqdim etishni hamda voqealarning hujjatlar bilan tasdiqlangan faktlar va ish materiallariga asoslangan versiyamizni bayon qilishni lozim deb bilamiz.

Adolat illyuziyasi va korrupsion homiylik

Tergov departamenti lavhasining paydo bo‘lishi — bu “Erkin O’zbekiston” harakatining 2026-yil 31-yanvar va 13-apreldagi surishtiruvlariga nisbatan kechikkan reaksiyadan boshqa narsa emas. Inkor etib bo‘lmaydigan dalillar va kuchayib borayotgan ijtimoiy rezonans bosimi ostida, IIV muammoni yashirish taktikasidan voz kechishga va o‘zi uchun foydali axborot muhitini (narrativini) shakllantirishga o‘tishga majbur bo‘ldi.

Avval xabar berganimizdek, 2025-yil yozida Yashnobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tergov bo‘limi xodimlari “Glamour Gold” egasi Dmitriy Kanni hibsga olib, oradan bir necha kun o‘tib uni ozodlikka qo‘yib yuborgan edi. 2025-yil 13-oktabrda Yashnobod tumani tergov bo‘limi jinoiy ishni takroran — ayblanuvchi tariqasida jalb qilinishi lozim bo‘lgan shaxsni aniqlash imkonsizligi haqidagi mutlaqo asossiz vaj bilan — to‘xtatib qo‘ydi.

“Glamour Gold” ishini muzlagan nuqtadan qo‘zg‘atgan asosiy omil bir guruh ayol ulushdorlarning faol pozitsiyasi bo‘ldi. Tatyana Lazareva, Gulsum Mingazova, Lyudmila Kazakova va Anna Sherbakovalar ikki yil davomida byurokratik apparat bilan mashaqqatli kurash olib borishdi.

Va agar bugun Ashrapov idorasi ko‘zbo‘yamachilik bilan faollik ko‘rsatayotgan bo‘lsa, bu tizimning xizmati emas, balki huquq-tartibot idoralari endi inkor etib bo‘lmaydigan faktlar oldidagi majburiy taslim bo‘lishidir.

2025-yil 2-noyabr kuni Toshkent shahar IIBB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultonxo‘jayevning faol ayollar bilan o‘tkazgan shaxsiy qabuli yakunlariga ko‘ra, “Glamur Gold” jinoyat ishi qayta tiklandi va tergovni davom ettirish uchun poytaxt Tergov boshqarmasiga yuborildi.

Sukunat devori: blogerlar va medianing xiyonati

2025-yil jabrlanuvchilar uchun “kar va soqov” byurokratik tizimga qarshi kurash davri bo‘ldi. Shu bilan birga, ulushdorlar jamoatchilik faollaridan ko‘mak so‘rab murojaat qilganlarida, yanada razilroq to‘siqqa duch keldilar. O‘zini “xalq ovozi” deb tanishtiruvchi mahalliy blogerlar jabrlanuvchilarning videomurojaatini e’lon qilish uchun asossiz ravishda katta mablag‘ talab qilib, birovning kulfatini shaxsiy boyish manbaiga aylantirdilar.

Mamlakatning asosiy “missionerkasi” hamda parda ortidagi o‘yinlar ustasi bilan o‘tkazgan maddohlarcha intervyusidan so‘ng o‘zidan “yulduz” yasab olgan targ‘ibotchilardan biri, “ijtimoiy masalalar” bilan shug‘ullanmasligini surbetlarcha ma’lum qildi. Vijdonini chakana savdoga qo‘ygan kimsadan munosib harakat kutish — o‘ta soddalikdan boshqa narsa emas.

Rasmiy media ham o‘z ojizligini namoyish etdi. Avvaliga “kerak bo‘lsa, yuzta reportaj tayyorlashni” va’da qilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari, ilk efirlardan so‘ng to‘satdan qiziqishini yo‘qotib, odamlarni kulfat bilan yolg‘iz qoldirdi.

Amalda esa OAVning o‘zi ulushdorlarning eng yomon gumonlarini tasdiqladi: “Glamour Gold” firibgarligi haqidagi har qanday ma’lumotga “yuqoridan” norasmiy taqiq qo‘yilgan edi va jurnalistlar bu chegaradan o‘tishga shunchaki qo‘rqishdi.

“Cho’ntak” matbuot va milliy xavfsizlikka tahdidlar

Bunday vaziyatda IIV va Toshkent shahar IIBB huzuridagi Jamoatchilik kengashining jamoaviy sukut saqlashi vijdonsizlikning oliy namunasi bo‘lib ko‘rinmoqda. Xuddi kichik xavf tug‘ilganda tubga sho‘ng‘iydigan baliqlar to‘dasi kabi, ular ham jimlikka burkanishni afzal ko‘rdilar. Kengash a’zolari idora qoshidagi shunchaki bir “bezak” emas, balki xalq ovozi bo‘lishlari kerakligini butunlay unutib yubordilar.

Vaholanki, bunday tuzilmalar idora va fuqarolar o‘rtasida “ko‘prik” bo‘lishi uchun tashkil etilgan edi. Ular nazorat va inson huquqlarini himoya qilish vositasiga aylanishi lozim edi. Bugungi kunda ularning tarkibiga taniqli shaxslar, axborot agentliklarining bosh muharrirlari, jurnalist va bloggerlar kiradi. Ularning barchasi Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston”i uchun shunchaki “demokratik fasad” yaratish bilan band, xolos.

Adolatsizlik avj olgan bir paytda ularning qullarcha sukut saqlashi — bu jinoyatga bevosita sheriklik va o‘z xalqiga nisbatan xiyonatdir.

Darvoqe, kengash tarkibi nafaqat odob-ahloq qoidalari, balki milliy xavfsizlik manfaatlari nuqtayi nazaridan ham jiddiy savollarni tug‘dirmoqda. IIV Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasining pozitsiyasi esa odamni hayratga soladi. Huquq-tartibot idoralari o‘z maslahat organida boshqa davlat fuqarosi borligini go‘yoki ko‘rmayotgani, ayrim mansabdorlarning bu jinoyatga sherik ekanliklariga ishora beradi.

Gap shubhali va fitnakor shaxs sifatida tanilgan Kanada fuqarosi Ismat Xushev haqida bormoqda. Uning kengashdagi ishtiroki shunchaki afsuslanarli xato emas. Bu — “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida“gi Qonunning 3-moddasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzishdir.

Bunday mas’uliyatsizlik vazirlikni, uning oliy rahbariyatining hamda shaxsiy xavfsizlik xizmatining obro‘sizlanishiga olib keladi. Bu holat ularning nafaqat qonun ustuvorligini himoya qilish, balki o‘z ichki tuzilmalarini nazorat qilish qobiliyatini ham shubha ostiga qo‘yadi.

Darvoqe, bunday manzarani respublikadagi boshqa jamoatchilik kengashlarida ham kuzatish mumkin.

Kuchishlatar tizimlar tazyiqi ostida: chorasiz qolganlarga nisbatan qatag‘onlar

2025-yilning dekabr oyida, bir guruh jabrlanuvchi ulushdorlarning taklifiga binoan, EFFECT.UZ nashrining tasvirga olish guruhi “Glamour Gold” kompaniyasi qurayotgan “Eco Dream” majmuasi oldiga yetib keldi. Biroq tasvirga olish ishlari boshlangan zahoti voqea joyida ichki ishlar podpolkovnigi paydo boʻlib, uchrashuvni “ruxsatsiz miting” deb baholadi va hibsga olish bilan tahdid qilgan holda jarayonni toʻxtatishni talab qildi.

Kameralar qarshisida turgan IIV zobiti yigʻilganlarga nisbatan ochiqchasiga mensimaslik namoyish etib, u uchun roʻparasida kim turganining — oddiy jurnalistmi yoki milliy telekanal rahbarimi — hech qanday farqi yoʻqligini aytdi. U har qanday bo‘ysunmaslik zudlik bilan hibsga olinishiga sabab bo‘lishini alohida ta’kidladi. Ko‘p o‘tmay voqea joyiga huquq-tartibot idoralarining yana ikkita avtomashinasi yetib keldi. Biroq ulushdorlar hamda jurnalistlar oʻz huquqlarini himoya qila olgan holda, reportajni oxirigacha tasvirga olishga muvaffaq boʻlishdi.

Mutasaddilarning harakatsizligidan charchagan va chorasiz qolgan ulushdorlardan biri keskin qadam tashlashga qaror qildi. U “Glamour Gold” ishiga yuqori doiralar eʼtiborini qaratish maqsadida, davlat rahbari korteji harakatlanayotgan vaqtda prezident trassasiga plakat koʻtarib chiqmoqchi boʻldi. Lekin, uning bu urinishi to‘xtatib qolindi. Ayol Yunusobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga olib borilib, unga nisbatan maʼmuriy ishi qoʻzgʻatildi. Tez orada undan tazyiq ostida har qanday ommaviy norozilik aksiyalaridan voz kechish haqida tilxat olindi va shundan keyingina qoʻyib yuborildi.

Axborot blokadasi va tinimsiz tazyiqlar ostida qolgan faol ulushdor ayollar, haqiqatni yuzaga chiqarishning yagona chorasi sifatida “Erkin Oʻzbekiston” harakatiga murojaat qilishga majbur boʻldilar.

Tergov ayollar yelkasida: “to‘polon” va tilxatlar

Ashrapov o‘z videosida faol ulushdor ayollarni tergovga “to‘sqinlik qilish”da aybladi, ammo faktlar buning aksini ko‘rsatmoqda: aslida Tergov boshqarmasi xodimlarining o‘zlari ayollardan yordam so‘rashgan.

Misol tariqasida tergovchi, kapitan Komil Abduhakimovning harakatlarini keltirish mumkin. U faollarni Toshkent viloyati Davlat soliq boshqarmasi rahbariyati huzuriga borishga va u yerda, oʻzi aytganidek, “kipish”, yaʼni toʻpolon koʻtarishga undagan. Bundan koʻzlangan maqsad — boshqarma rahbari “Glamour Gold” ishi boʻyicha taftishni paysalga solayotgan oʻz xodimiga nisbatan “gazini bosishi”, yaʼni ishni tezlashtirishi boʻlgan.

Tergov jarayonini tezlashtirish ilinjida to‘rt nafar ayol yosh bolalari bilan Toshkent viloyatiga amaldorlarni qidirib borishga majbur bo‘lishdi. U yerda faollar katta inspektor Jamshid Qirg‘izboyevni topib, unga vaziyatni tushuntirishdi va hisobotni tayyorlashni tezlashtirishga ko‘ndirishdi. Achchiq tajribadan saboq olgan va quruq va’dalarga ortiq ishonmaydigan ayollar undan yozma kafolat talab qilishdi.

Natijada, Qirg‘izboyev joriy yilning 19-yanvar kuni soat 17:00 ga qadar taftish dalolatnomasini Toshkent shahar IIBBga yetkazib berish majburiyatini olib, o‘z qo‘li bilan tilxat yozib berdi.

Mana yana bir misol. 2026-yilning mart oyida tergov guruhi aʼzosi — oʻsha mashhur “oltin go’sht” ishqibozi, mayor Elmurod Muhammadiyev Toshkent shahar IIBB tomonidan “Glamour Gold” obyektlaridagi ish hajmi va qiymatini aniqlash uchun jalb qilingan ekspertlarni “shoshiltirish”ni yana oʻsha faol ayollarga xushmuomalalik bilan taklif qildi.

Bir necha kun davomida chorasiz qolgan ona va rafiqalar, ochigʻini aytganda, tergovni “oʻz elkalarida tortib”, ekspertlar bilan birga qurilishi bitmagan koʻp qavatli binoning yuqori qavatlariga piyoda koʻtarilishga majbur bo‘ldilar.

Mirziyoyev rejimi voqeligida bunday amaliyot keng tarqalgan bo‘lib, huquq-tartibot sohasidagi chuqur inqiroz oqibatiga aylandi. Bir tergovchining ish yurituvida bir vaqtning o‘zida o‘nlab jinoiy ishlar bo‘lishi mumkin, natijada u har bir ish bo‘yicha to‘liq va o‘z vaqtida tergov o‘tkazishga jismonan qodir emas. Doimiy vaqt tanqisligi va rahbariyatning bosimi ostidagi xodimlar har qanday yoʻl bilan tergov harakatlarini jadallashtirishga majbur boʻlishmoqda.

Ayollarning ko‘rsatgan faolligi uchun shaxsan Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov va Toshkent shahar IIBB boshlig‘i polkovnik Sultonxo‘jayev ularga ochiqdan-ochiq minnatdorchilik bildirishgan edi.

IIV rahbariyati tomonidan bildirilgan ijobiy fikrlarga qaramay, polkovnik Ashrapovning xatti-harakatlari xizmat etikasiga zid deb baholanishi mumkin. Markaziy apparat kuratori sifatida yillar davomida tergovni sunʼiy ravishda falaj qilib kelgan Ashrapov faol ayollarga orqadan nomardlarcha zarba berdi. Ashrapov oʻzining targʻibot videosida ongli ravishda tushunchalarni almashtirib, pastkashlarcha hiyla ishlatdi: tergovni korrupsya botqogʻidan amalda tortib chiqargan insonlarni tergovni paysalga solishda aybdor qilib koʻrsatdi. Faollarni qoralab ularga tuhmat qilgach, Ashrapov ochiqchasiga shantajga oʻtdi — qurilish piramidasi qurbonlariga jinoiy javobgarlik bilan tahdid qildi.

Polkovnik uchun spektakl: massovka va soxta qarsaklar

Erkin Oʻzbekiston” harakatining fosh etuvchi materiallari taʼsirini zararsizlantirish uchun polkovnik Ashrapov jamoatchilik fikrini ochiqchasiga manipulyatsiya qilish usuliga qoʻl urdi. Uning topshirig‘iga binoan, tergov guruhining “sodiq va itoatkor” ulushdorlar bilan sahnalashtirilgan uchrashuvi tashkil etildi. Ushbu “massovka”ning roli rasmiy video-hisobot uchun shunchaki bezak vazifasini o‘tashdan iborat edi: odamlardan itoatkorlik bilan ma’qullashni sahnalashtirish, noqulay savollar bermaslik va idoraga minnatdorchiliklarni bildirish talab qilingan.

15-aprel kuni uchrashuv boshlanishiga bor-yo‘g‘i bir yarim soat qolganda — ertalabki soat 10:00 da — tergovchi Abduhakimov faol ayollardan biri — Tatyana Lazarevaga qo‘ng‘iroq qilib, uni ushbu tadbirda ishtirok etishga taklif qildi. Yomgʻir va qor ostida oylar davomida olib borilgan kurash oʻz asoratini qoldirmay qoʻymadi: 12-aprel kuni Tatyana shoshilinch ravishda shifoxonaga yotqizildi va 13-aprel kuni ertalab Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi.

Tashabbuskor guruhning boshqa a’zolari ham safdan chiqqan edilar: Anna Sherbakova ambulator davolanishda, boshpanasiz qolib, yashash uchun kurashayotgan Lyudmila Kazakova va Gulsum Mingazovalar esa ish grafiklariga qat’iy bog‘lanib qolgan edilar.

Noqulay savollar berishga qodir faollarning vaqtinchacha yoʻqligidan foydalanib, Ashrapov oldindan tayyorlangan jabrlanuvchilar guruhi bilan uchrashuv oʻtkazdi. Ushbu targʻibot roligining ayrim lavhalaridagi mantiqsizlik darajasi barcha chegaralardan chiqib ketgan: boshpanasiz qolgan va soʻnggi jamgʻarmalaridan ayrilgan odamlar yillar davomida dardlariga quloq solmagan kimsalarga itoatkorlik bilan shodlik namoyish etib, qarsak chalishmoqda.

Betondan bo‘lgan tuzoq va jinoyatchilarning yuzini yashirish

Ushbu uchrashuvda IIV xodimlari ulushdorlarni “Glamour Gold” tomonidan qurilgan avariya holatidagi obyektni buzishga hojat yoʻqligiga ishontirishga urinishgan. Ularning taʼkidlashicha, binoni shunchaki “biroz mustahkamlash” va pardozlash ishlarini yakunlash kifoya emish.

Odamlar haqidagi bunday soxta gʻamxoʻrlik ortida vijdonsizlarcha rejalashtirilgan xavfli hisob-kitob yashiringan: qanday usul bilan boʻlmasin, avariya holatidagi obyektni bitkazib, jabrlanuvchilarga topshirish. Masʼul shaxslar uchun bu — hujjatlarni soxtalashtirish va qoʻpol texnik qonunbuzarliklar uchun jazolanishdan qutulib qolish hamda jinoyat izlarini bosdi-bosdi qilishning yagona yoʻlidir.

Mintaqaning seysmik faolligi sharoitida ushbu uy istalgan vaqtda “ommaviy qabriston”ga aylanishi mumkinligi esa, aftidan, na Ashrapovni va na uning qo‘l ostidagilarini tashvishga solmayapti.

Ashrapovning videosini ko‘rgan har qanday sog‘lom fikrli tomoshabinda haqli savol tug‘iladi: nima sababdan uning bebaho mutaxassislari barcha hibsga olingan va uy qamog‘idagi firibgarlarning yuzlarini yashirishgan?

Bu borada tergov guruhi yaqqol qarama-qarshi pozitsiyaga tushib qolmoqda. Bir tomondan, tergovchi yangi epizodlar alohida ish yurituviga ajratilganini maʼlum qilib, jabrlanuvchilarni ichki ishlar organlariga murojaat qilishga chaqirmoqda. Ikkinchi tomondan esa, Ashrapovning xodimlari jinoyat ishtirokchilarining tanib olinishiga toʻsqinlik qilishga urinishmoqda. Aybsizlik prezumpsiyasining bu vaziyatda bunday qoʻllanilishi, tergovning bosh maqsadi haqiqatni aniqlash emas, balki firibgarlik sxemasining asosiy figurantlarini himoya qilish ekanidan dalolat beradi. Ayniqsa, olti yil davomida jinoyatchilarga maksimal darajada qulay sharoit yaratib bergan va yuzlab insonlar taqdiri barbod boʻlishiga koʻz yumgan davlat tuzilmalaridagi birorta ham amaldor hali-hanuz javobgarlikka tortilmagani bu fikrning yaqqol isbotidir.

Vazirlikning ikkiyoqlama standartlari joriy yilning 11-aprel kuni IIVning Madaniyat saroyida boʻlib oʻtgan matbuot konferensiyasida yaqqol namoyon boʻldi. Jurnalistlarning taftish.uz xodimlari qoʻlga olinganidan soʻng nega darhol ularning fotosuratlari eʼlon qilingani haqidagi savoliga javob berar ekan, protsessual talqinlar muallifi polkovnik Ashrapov buni “barcha jabrlanuvchilar ularni tanib olishi va organlarga murojaat qilishi uchun” zarur boʻlganini taʼkidladi. Hibsga olinganlarning yuzlarini oshkor qilishdagi bunday shoshqaloqlik joriy yilning 11-fevralida demokrat.uz jurnalistlari ushlanganida ham kuzatilgan edi.

Savol tug‘iladi: nima uchun jurnalistlar bilan bog‘liq holatlarda ochiqlik tergovning zaruriy elementi sifatida tan olinadi-yu, guruh bo‘lib sodir etilgan firibgarlik ishi bo‘yicha jinoyatchilarning yuzlari amalda yopiq ma’lumotga aylanib qoladi?

Javob ochiq-oydin: Mirziyoyev rejimi uchun jurnalistlar — bu hali sud qarori chiqmasidan avval omma oldida obroʻsizlantirilishi kerak boʻlgan mafkuraviy dushmanlardir. “Qurilish mafiyasi” aʼzolari esa — yuqori idoralardagi amaldorlarning manfaatlari bilan chambarchas bogʻlanib ketgan moliyaviy hamkorlardir. “Glamour Gold” ishi figurantlarining yashirilgan yuzlari — bu “aybsizlik prezumpsiyasi”ga boʻlgan gʻamxoʻrlik emas, balki yillar davomida quruvchilarning qoʻlidan yemlanib kelganlar uchun berilgan xavfsizlik kafolatidir.

Mutlaq nazorat va jamiyatni aldash sari yo‘l

Ramazon Ashrapov va uning homiylari Oʻzbekistonni tizimli ravishda “raqamli konslager” belgilariga ega boʻlgan politsiya davlatiga aylantirmoqda. Ushbu tizimda fuqarolik faolligi jinoyatga tenglashtirilgan, sodiq kriminallarga esa eng qulay sharoitlar yaratib berilgan. EFFECT.UZ jurnalistlari bilan bog‘liq voqea — kuch ishlatar tizimlar quruvchining “zanjirdagi vafodor itlari” rolida ochiqdan-ochiq namoyon bo‘lgan ushbu kursning yaqqol dalilidir.

Ashrapovning videosi — tizim xohishini haqiqat sifatida ko‘rsatishga bo‘lgan urinishidir. Bu ish tarixidan oʻz qatʼiyati va sogʻligʻi evaziga haqiqatga yoʻl ochgan faol ayollar insofsizlarcha oʻchirib tashlandi. Bugun ularning ismlari yashirilmoqda, xizmatlari esa qadrsizlantirilmoqda.

Ulushdorlar g‘alabani nishonlashga hali vaqtli ekanligini unutmasliklari kerak. Firibgarlik sxemasining asosiy figurantlari bo‘lgan va tergov tomonidan muntazam ravishda yashirilayotgan “soya’dagi shaxslardan” pullarni qaytarib olish — uzoq davom etuvchi yuridik urushga aylanadi. Bu kurashda faqat eng matonatli va huquqiy jihatdan bilimli bo‘lganlargina g‘alaba qozonadi.

Huquq berilmaydi — u olinadi: Birlashishga chorlov

Jabrlangan ulushdorlar Ashrapov targ‘ibotining jozibali manzaralari bilan o‘z hushyorliklarini boy berib qo‘ymasliklari kerak. Ular bir narsani yodda tutishlari shart: mard va faol ayollarga xiyonat qilgan idora, quruvchilar ustidan o‘rnatgan o‘z korrupsion homiyligi izlarini yashirish uchun hech narsadan qaytmaydi. Tizim asosiy foyda ko‘ruvchilarni zarbadan qutqarib qolish uchun “piyoda”larni osongina qurbon qiladi. Ushbu qonunsizlik devorini faqat uyushgan holda va murosasiz kurash bilangina qulatish mumkin.

Jabrlanuvchilarga chaqirig‘imiz: birovlarning axborot kampaniyalari uchun olomonga aylanmang va o‘zingizni ko‘zbo‘yamachilik maqsadida tayyorlanayotgan sahnalarda ishtirok etishingizga yo‘l qo‘ymang. O‘z huquqlaringiz himoyasiga qonuniy va uyushgan usullar bilan erishing.

Yodda tuting: huquq berilmaydi — u olinadi!

Davlat institutlari korrupsiya tufayli falaj boʻlib qolgan bir vaqtda, yagona kuch — sizning shijoatingizdir. Siz yolgʻiz emassiz — yoningizda “Erkin Oʻzbekiston” siyosiy harakati timsolidagi mustaqil axborot koʻmagi doimo tayyor.

Taslim boʻlmang. Adolat oʻz-oʻzidan kelmaydi — uning uchun kurashish zarur!

leave a comment