IIVni aslida kim boshqaradi?

13.04.2026 admin

O‘zbekiston tergov organlari “Glamur Gold” qurilish kompaniyasining yirik firibgarligini tezkor ravishda yopishga urinishmoqda. Bu kompaniya davlat tomonidan ichki investorlarni amaliy ravishda talashning ramziga aylangan.

Qurilish kompaniyasi yuqori lavozimli mulozimlar va kuch ishlatar tuzilmalari vakillarining bevosita homiyligida faoliyat yuritgan. Olti yil mobaynida u aholini ommaviy ravishda aldash quroli bo‘lib, yuzlab ulushdorlarni o‘z uy-joyi va mablag‘laridan mahrum etdi. Obyektlarning elektron reyestrlarga kiritilmagani hamda nazorat organlarining loqaydligi korrupsion til biriktiruvning yaqqol dalilidir. Ishning shoshilinch yopilishi qonunni jinoyatchilar uchun himoya vositasiga, davlat institutlarini esa xalqni talon-toroj qilishdagi sheriklarga aylantirib qo‘ydi. Natijada “Glamur Gold” tizimli aldov, jazosizlik va jamiyat xavfsizligiga tahdid timsoliga aylandi.

2024 yildan boshlab aldangan ulushdorlar o‘z huquqlari buzilayotgani yuzasidan davlat organlariga qayta-qayta shikoyat bilan murojaat qilishgan. Biroq nazorat tuzilmalari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi real qonunbuzarliklarga tizimli ravishda ko‘z yumib kelgan. Ular ulushdorlarni “Glamur Gold” obyektlari qurilishida hech qanday kamchilik va qoidabuzarliklar yo‘qligiga ishontirib kelishgan. Vaholanki mavjud faktlar buning mutlaqo aksini ko‘rsatardi: binolar eng qo‘pol qoidabuzarliklar bilan qurilgan bo‘lib, aholi xavfsizligiga tahdid solardi va xalqni ommaviy aldashning ko‘p yillik sxemasining bir qismi edi.

“Erkin O‘zbekiston” harakati o‘tkazgan surishtiruv tergov organlarini harakatga kelishga majbur qildi. Shunga qaramay, jinoiy javobgarlik faqat “Glamur Gold” korxonasi rahbarlari zimmasiga yuklandi; firibgarlik sxemasiga homiylik qilib kelgan yuqori lavozimli amaldorlar esa jazodan chetda qolmoqda. Ushbu ish bo‘yicha besh kishi hibsga olinganiga qaramay, Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tergovchilari jinoyatni bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan deb malakalamagan. Bu esa davlat miqyosidagi yirik o‘g‘irliklarga amalda ko‘z yumilayotgani hamda korrupsion zanjirlar himoya qilinayotganining yaqqol isbotidir.

Joriy yilning 1 mart kuni jabrlangan ulushdorlarning tashabbuskor guruhi O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovning shaxsiy qabuliga kirishga muvaffaq bo‘ldi.

Vazir vaziyatni shaxsiy nazoratiga olishga va’da berdi va Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Mirsodiqovga masalani o‘n kun ichida hal etish bo‘yicha topshiriq berdi. Biroq amalda vazirning qo‘l ostidagilari uning topshirig‘iga yuzaki yondashdilar: 10 mart kuni IIBB Tergov boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, ijtimoiy tarmoqlarda “oltin go‘sht ishqibozi” sifatida tanilgan mayor Elmurod Muhamadaliyev shunchaki rasmiyatchilik javobi bilan cheklandi.

Tergovning paysalga solinayotganidan norozi bo‘lgan ulushdorlar navbat olish ilinjida yosh bolalari bilan tunni ko‘chada o‘tkazib bo‘lsa-da, 29 mart kuni IIV rahbari qabuliga takroran kirishga muvaffaq bo‘ldilar.

Uchrashuvda Aziz Toshpo‘latov qo‘l ostidagi xodimlarining malakasizligi uchun jabrlangan ulushdorlardan uzr so‘radi. U o‘z o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashrapovga “Glamour Gold” ishini Toshkent shahar IIBB ish yurituvidan chaqirib olish va obyektiv tergov o‘tkazish uchun respublika darajasidagi eng malakali tergovchilarga topshirish haqida qat’iy ko‘rsatma berdi.

Biroq polkovnik Ashrapov vazir Toshpo‘latovning bevosita topshirig‘ini ochiqchasiga mensimay, o‘z manfaatlari yo‘lida harakat qildi.

U “Glamour Gold” ishini Toshkent shahar IIBBning Tergov boshqarmasi ixtiyorida qoldirib, ishni yakuniga yetkazilmagan holatda sudga oshirishga tayyorlamoqda. Bu bilan u tergov jarayonini amalda sabotaj qilib, qurilish aferasi ortidagi homiylarning jazodan qutulib qolishiga zamin yaratmoqda.

Parda ortidagi fitnalar yordamida Toshpo‘latovning o‘rnini egallashni ko‘zlayotgan polkovnik Ashrapov “Glamour Gold” ishining obyektiv tergov qilinishidan mutlaqo manfaatdor emasligini namoyish etmoqda. Uning balandparvoz piari va “qonun himoyachisi” obrazi ortida tizimli sabotaj yashiringani yaqqol ko‘rinib turibdi. Aynan u rahbarlik qilayotgan departament tergovni izchil ravishda paysalga solib, qurilish piramidasi tashkilotchilarining jazodan qochishiga sharoit yaratib keldi. Kutilgan adolat o‘rniga, aldangan ulushdorlar navbatdagi byurokratik spektaklning guvohi bo‘ldilar. Mazkur holat polkovnik Ashrapovning harakatlari orqali Ichki ishlar vazirligi aslida kimning izni bilan ish yuritayotganini yaqqol namoyon etmoqda.

“Glamur Gold” misolida davlat institutlari nafaqat fuqarolarning munosib himoyasini ta’minlay olmayotganini, balki o‘zlari ham qurilish sohasidagi moliyaviy piramidalarning jazosiz qolishiga yo‘l qo‘yib beruvchi chuqur korrupsiyalashgan tizimning bir qismiga aylanganini ko‘rish mumkin. Jamiyat ishonchini tiklash va fuqarolar huquqlarini himoya qilish uchun huquq-tartibot idoralari hamda qurilish sektorida tub islohotlar o‘tkazish, barcha korrupsion aloqalarni shaffof tarzda tergov qilish hamda jinoiy sxemalarga homiylik qilayotgan mulozimlarning real jinoiy javobgarlikka tortilishi zarurligi kundek ravshandir.

Agar zarur choralar ko‘rilmas ekan, yuzlab hamyurtlarimiz rasmiyatchilik va amaldorlar o‘zboshimchaligining garovi bo‘lib qolaveradi. Bu esa ijtimoiy keskinlikni yanada oshirib, ommaviy noroziliklar va siyosiy beqarorlik uchun qulay zamin yaratadi. Qat’iy choralar ko‘rilmasa, vaziyat muqarrar ravishda keskinlashib, tizimli inqiroz xalq g‘azabining portlashiga olib kelishi mumkin. Zero, bunga o‘xshash adolatsizliklar bugun butun O‘zbekiston bo‘ylab kuzatilmoqda.

leave a comment