Kanning moliyaviy piramidasi: Mirziyoyev rejimi o’z fuqarolarini qanday aldamoqda

31.01.2026 admin

Jabrlangan ulushdorlar va jazosiz qolgan firibgarlar

Joriy yilning 24 yanvarida “Glamour Gold” qurilish kompaniyasi asoschisi Dmitriy Kanning hibsga olinishi prinsipiallik namoyishi emas, balki O‘zbekiston rasmiylarining o‘z harakatsizligi uchun javobgarlikdan qutulishga qaratilgan kechikkan urinishi bo‘ldi.

Yillar davomida uysiz va himoyasiz qolgan aldangan ulushdorlar muammosiga mas’ul tashkilotlarning befarqligi Toshkentdagi ijtimoiy vaziyatni qaltis nuqtaga olib keldi. Bunday keskinlik ortishi jamoatchilik noroziligining nazoratsiz portlashiga va ommaviy namoyishlarga sabab bo‘lishi mumkin edi.

Glamur Gold kompaniyasi, Toshkent shahar hokimligining mas’uliyatsizligi tufayli va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidagi ayrim korrupsiyalashgan amaldorlarning amaldagi himoyasi ostida faoliyat yuritib, 2019-yildan beri poytaxtning Yunusobod tumanida, ToshGRES mavzesida, har biri 360 ta kvartiradan iborat bo‘lgan ikkita “Eko Drem” turar-joy majmuasini qurish bo‘yicha, muntazam ravishda shartnomalar tuzib kelgan.

Quruvchilar tomonidan birinchi uyni 2023 yilning birinchi choragida topshirish majburiyati olingan bo‘lsa-da, loyiha belgilangan muddatda yakunlanmadi. Obyektda qurilish ishlari to‘xtab qolgan. Shu bilan birga, vakolatli organlar tomonidan qurilish kechikishiga huquqiy baho berilmagan xamda zarur choralar ko‘rilmay kelgan. Bunday harakatsizlik quruvchiga ulushdorlar huquqlarini buzish va javobgarlikdan chetda qolish imkonini yaratib keldi.

Sodir etayotgan jinoyatlari uchun jazolanmagan “Glamur Gold” kompaniyasi, ulushdorlar oldidagi majburiyatlarini bajarmasdan, ikkinchi uyni qurish uchun mablag‘ yig‘ishga kirishdi. Aslida, yangi loyiha, sodda mahalliy investorlar hisobidan kichik bir guruh shaxslarning boyishi maqsadida yaratilgan moliyaviy piramida edi.

Kanning moliyaviy piramidasi

“Glamur Gold” faoliyatini tahlil qilish jarayonida aniqlangan faktlar shuni ko‘rsatadiki, kamida o‘n beshta tijorat tashkilotining asoschisi bo‘lgan Dmitriy Kan, oddiygina qurilish moliyaviy sxemasini yaratgan edi.

Boshidanoq asosiy e’tibor e’lon qilingan loyihalarni amalga oshirishga emas, balki ulushdorlardan mablag‘larni muntazam ravishda o‘zlashtirishga qaratilgan edi. “Glamur Gold” rahbariyati shartnomalarda belgilangan majburiyatlarni bajarishni hatto mo‘ljallamagan ham.

Yaratilgan sxema juda oddiy va ko‘z bo‘yamachilikdan iborat edi: ikkita to‘qqiz qavatli uy qurilishi niqobi ostida ulushdorlarning mablag‘lari muntazam ravishda Dmitriy Kan nazoratidagi korxonalarga o‘tkazilgan. Ushbu mablag‘lar “Glamour Gold” rahbariyatining shaxsiy ehtiyojlariga hamda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining korrupsiyalashgan xodimlariga pora berish uchun sarflangan.

Qurilish kompaniyasi ulushdorlar oldidagi majburiyatlarini bajarish o‘rniga, fuqarolar murojaatlarini e’tiborsiz qoldirib, turar joyni topshirish muddatini turli bahonalar bilan kechiktirib kelgan. Yillar davomida javobgarlikdan qochib kelgan mas’ullar, aslida moliyaviy piramida sxemasi asosida ish yuritib, qurilish jarayonini ommaviy aldov va noqonuniy boyish manbaiga aylantirishgan edi.

“Eco Dream” turar joy majmuasidagi xonadonlarning o‘rtacha narxi 30 000 AQSH dollarni tashkil etgan. Ikkita to‘qqiz qavatli binoda jami 720 ta xonadon borligini inobatga olsak, firibgarlik sxemasi tashkilotchilari nazariy jihatdan 21 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ to‘plagan bo‘lishlari mumkin. Mablag‘larning aniq miqdori va ular qaysi maqsadlarga sarflanganiga Toshkent shahar IIBB tergovchilari tomonidan oydinlik kiritilishi lozim.

Biroq tergov organlarining Dmitriy Kanning yuqori martabali homiylari ismlarini oshkor qilishga hamda aldangan ulushdorlarning mablag‘larini qaytarish bo‘yicha qaror qabul qilishga jur’ati yetadimi-yo‘qmi — buni vaqt ko‘rsatadi.

Qurilish piramidasi tashkilotchilari ulushdorlarni nazorat qilish hamda ularning yuqori lavozimli shaxslarga jamoaviy murojaat qilishlarining oldini olish maqsadida Telegram guruhlarini tuzishgan.

Dmitriy Kan va uning sheriklariga xizmat qiluvchi guruh ma’murlari ulushdorlar orasida “ish bitmoqda” degan xomxayolni shakllantirib, ularni shirin va’dalar bilan tinchlantirib kelishgan. Bu kabi virtual maydonlar aslida jabrlanuvchilarni boshqarish, haqiqiy norozilikning oldini olish va jinoiy zanjir fosh bo‘lishidan himoyalanish uchun o‘ylab topilgan manipulyatsiya quroli edi.

Vaziyat, ayniqsa, aslida mavjud bo‘lmagan uy-joy uchun ipoteka to‘lashga majbur bo‘layotgan kam ta’minlangan ulushdorlar uchun nihoyatda og‘irlashdi. Kvartiralar uchun oldindan 100 foiz to‘lov qilib qo‘ygan bu insonlar boshi berk ko‘chaga kirib qoldilar: qarzlar va jarimalar tinmay ortib bormoqda, hayot rejalari barbod bo‘lib, oilalar parokanda bo‘lmoqda. Sog‘lig‘i va adolatga bo‘lgan ishonchini yo‘qotayotgan odamlarda hukumatning harakatsizligi sababli “bu mamlakatda fuqaro huquqlari mutlaqo himoyalanmagan” degan tuyg‘u yanada kuchaymoqda.

Ulushdorlar — firibgarlar va hokimiyatga qarshi

“Glamour Gold” kompaniyasining quruq va’dalariga boshqa ishonmagan va mamlakatda qonun ustuvorligiga umid qilgan bir guruh jabrlanuvchilar – sudga murojaat qilishga majbur bo‘lishdi. Garchi, ular fuqarolik ishlarida g‘olib chiqqan bo‘lsalar-da, sud qarorlari ijro etilmay qoldi va mablag‘lar qonuniy egalariga qaytarilmadi. Bunday holat, tizimli til biriktiruv natijasida yuzaga kelgan: Dmitriy Kanning huquqni muhofaza qilish organlaridagi “homiylari” unga sud qarorlarini mensimaslik va ulushdorlarning mablag‘larini jazosiz ishlatishda, davom etish imkonini yaratib bergan.

Natijada jabrlanuvchilar Mirziyoyev rejimi tuzog‘iga tushib qolishdi. Bu tizim o‘z fuqarolarini himoya qilish o‘rniga, firibgarlar va ularning homiylari uchun qalqon bo‘lib xizmat qilmoqda hamda ularga xalq ishonchidan jazosiz foydalanish imkonini berib kelmoqda.

Jabrlanuvchilarning qat’iyatliroq qismi, faolroq harakat qila boshladi. Ular huquqni muhofaza qilish organlarining eshiklarini muntazam ravishda taqillatib, Dmitriy Kanni hibsga olishni, buzilgan huquqlarini darhol tiklashni talab qilib, davlat idoralariga ariza va shikoyatlar yoza boshladilar.

2025 yilning yanvar oyida “Glamour Gold” faoliyatidan jabr ko‘rgan 100 ga yaqin fuqaro Yunusobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga (IIO FMB) rasmiy murojaat yo‘lladi. Mart oyiga kelib, mazkur ish Toshkent shahar IIBB yurituviga o‘tkazildi. Aprel oyidan esa surishtiruv ishlarini Yashnobod tumani tergov bo‘limi olib borayotgani xaqida ma’lum bo‘ldi. U vaqtga kelib, rasmiy shikoyatlar soni 180 tashkil etib, korrupsion tizimga bosim, inkor etib bo‘lmas darajaga yetdi.

2025-yilning may oyida, ijtimoiy keskinlikni yumshatish maqsadida, Yashnobod tumani tergov bo‘limi, Dmitriy Kanni hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi. Biroq, Glamur Gold tomonidan boshqariladigan Telegram guruhidagi a’zolarining talabi bilan, hibsga olish bekor qilinib, qurilish piramidasining muallifi qo‘yib yuborildi.

Bu qaror nafaqat manipulyatsiya, balki firibgarlik sxemasini saqlab qolish va uning tashkilotchilarini himoya qilishdan manfaatdor bo‘lgan yuqori lavozimli amaldorlarning siyosiy homiyligi ostida amalga oshirildi. Aslida esa, Yashnobod tumani tergov organlari “Glamour Gold” kompaniyasining mas’ul shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishni to‘xtatib, tergov jarayonini shunchaki rasmiyatchilikka aylantirgan edi.

Shunga qaramay, adolat izlayotgan jasur ayol ulushdorlar kurashni davom ettirishdi. Ular 2025 yilning yoz va kuz oylarida turli davlat organlari rahbariyati qabulida bo‘lib, jinoyatchilarga nisbatan qonuniy va qat’iy choralar ko‘rishni talab qildilar.

Natijada, “Qurilish piramidasi” bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish Olmazor tumani tergov bo‘limiga o‘tkazildi. Biroq u yerda ko‘rib chiqilmasdan, 2025 yilning oktyabr oyida Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasiga qaytarildi. Poytaxt tergov boshqarmasi xodimlari esa ishni yopdi-yopdi qilishga urinishdi.

2025 yilning 2 noyabr kuni Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultonxo‘jayevning shaxsiy qabulidan so‘ng “Glamour Gold” ishi nihoyat oldinga siljidi. Polkovnik Sultonxo‘jayev Dmitriy Kanni zudlik bilan keltirish va mijozlar oldidagi bajarilmagan majburiyatlariga oydinlik kiritish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi. Uchrashuv davomida jabrlanuvchilarga ortiqcha rasmiyatchiliksiz D. Kanning yuziga barcha e’tirozlarini bildirish imkoniyati yaratib berildi.

Aldangan ulushdorlar oldida polkovnik Sultonxo‘jayev Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Mirsodiqovga “Glamour Gold” ishi bo‘yicha ikki hafta ichida aniqlik kiritishni va natijalar haqida shaxsan o‘ziga hisobot berishni buyurdi.

6 dekabr kuni tergovchi Komil Abduhakimov ulushdorlardan biri — Tatyana Lazarevani “Glamour Gold” qurilish kompaniyasi mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdordagi firibgarlik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida fuqaroviy da’vogar deb tan olish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Biroq, jabrlanuvchilarda tergovning xolisligiga nisbatan shubha paydo bo‘ldi. Gap shundaki, tergovchi Abduhakimov qolgan jabrlanuvchilarni mazkur jinoyat ishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a’ bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda talon-toroj qilish) bo‘yicha fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etish to‘g‘risida ajrim chiqargan.

Ushbu huquqiy qarama-qarshilik jabrlanuvchilarning haqli e’tiroziga sabab bo‘ldi: “Qanday qilib bitta jinoyat ishi doirasida bunday tafovutga yo‘l qo‘yilishi mumkin?” — degan savol o‘rtaga chiqmoqda. Mazkur holatni shunchaki tasodif emas, balki ayblovni sun’iy ravishda yengillatish va asl aybdorlarni javobgarlikdan qutqarib qolishga qaratilgan harakat sifatida baholash lozim.

Bundan tashqari, Dmitriy Kan va uning sheriklarining xatti-harakatlarida ancha og‘irroq jinoyat tarkibi alomatlari kuzatilmoqda, xususan:

— firibgarlik — juda ko‘p miqdorda uyushgan guruh tomonidan sodir etilganligi;

— o‘zlashtirish yoki talon-toroj qilish — juda ko‘p miqdorda uyushgan guruh tomonidan sodir etilganligi;

— noqonuniy tadbirkorlik faoliyati;

— hujjatlarni qalbakilashtirish;

— mansab vakolatini suiiste’mol qilish.

Bunday noto‘g‘ri huquqiy baho berish korrupsion sxemaning bir qismi bo‘lib, javobgarlikni sun’iy ravishda kamaytirish va jinoyatning asl mohiyatini yashirishga qaratilgan. Bu esa, o‘z navbatida, aybdorlarning tegishli jazodan qutilib qolishiga sharoit yaratadi.

Jabrlanuvchi ulushdorlarning tergov jarayoni tashqi ta’sir ostida o‘tayotgani haqidagi shubhalari joriy yilning 17 yanvar kuni yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. O‘sha kuni “Glamour Gold” kompaniyasida audit tekshiruvi o‘tkazayotgan Toshkent viloyati Davlat soliq boshqarmasi katta inspektori Jamshid Qirg‘izboyev ulushdorlar bilan suhbatda: “Dmitriy Kan kuniga o‘n martalab qo‘ng‘iroq qiladi”, — deya ochiq tan oldi.

Soliq inspektorining ushbu e’tirofi jinoyat ishining asosiy figuranti bo‘lgan Dmitriy Kan hanuz norasmiy ta’sir vositalariga ega ekanini hamda tergov jarayoniga faol aralashib, mansabdor shaxslarga bosim o‘tkazayotganini anglatadi.

Tergovning adolatli o‘tishiga ishonchini yo‘qotgan ulushdorlar turli davlat idoralariga murojaat qilishda davom etmoqdalar. Xususan, ular Toshkent shahar prokurori hamda Senat raisi qabuliga kirishga harakat qilishdi. Shuningdek, tergov jarayonidagi tizimli harakatsizlik va asossiz vajlarga yuqori rahbariyat e’tiborini qaratish maqsadida mustaqil axborot platformalari imkoniyatlaridan foydalanishga qaror qildilar.

Bu yerda shuni ta’kidlash kerakki, Mirziyoyev rejimining “yangi O‘zbekiston” realligida Toshkent shahar IIBB tergovchisi Komil Abduhakimov mustaqil qaror qabul qiluvchi shaxs emas, balki bevosita rahbarlari — Dilmurod Mirsodiqov va Elmurod Muxamaliyevlarning ko‘rsatmalari asosida harakat qiluvchi ijrochidir.

Shu bilan birga, tergovchi Abduhakimov bir jihatni anglab yetishi lozim: agar tergov jarayoni haqiqiy jinoyatchilarni va ularning ortidagi homiylarni fosh etish darajasiga chiqsa, yuqori rahbariyat tizim manfaatlarini himoya qilish uchun bor aybni unga yuklashi va uni “qurilish mafiyasi”ning homiysi sifatida qurbon qilib yuborishi hech gap emas.

Xoin xodimlar va hokimiyatning harakatsizligi

Ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonda ulushdorlarni tizimli va ommaviy ravishda aldash holatlari davom etib kelmoqda. Uy-joy qiymatini to‘liq to‘lagan minglab fuqarolar amalda talon-toroj qilindi: ular na va’da qilingan xonadonlarni olishdi va pullarini ham qaytarib olishgani yo‘q. Bu kabi jinoyatlar kam uchraydigan holat emas, balki uyushgan va barqaror xarakterga egadir. O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari va nazorat qiluvchi tashkilotlarining yuqori lavozimli vakillari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘mak va homiylik bo‘lmaganida, mazkur firibgarlik sxemalari mavjud bo‘lmas edi.

Olti yildan ortiq vaqt mobaynida xalqni aldab va ularning mablag‘larini o‘zlashtirib kelayotgan “Glamur Gold” qurilish kompaniyasining faoliyati — jinoiy sxemalarning davlat tuzilmalari bilan birlashuvining yorqin namunasidir. Ushbu holat qonun va hokimiyat niqobi ostida O‘zbekiston qurilish sohasidagi korrupsion va tazyiq o‘tkazish modeli aholini muntazam ravishda talon-toroj qilish vositasiga aylanganini yaqqol namoyish etadi.

Qurilish piramidasi tashkilotchisi Dmitriy Kan hibsga olingani va “Glamour Gold” rahbariyati rasman jinoiy javobgarlikka tortilganiga qaramay, jinoiy sxema faoliyati toʻxtamadi. Kompaniya xodimlari hamda ularga aloqador shaxslar “Eco Dream” turar joy majmuasidan “ekologik toza” xonadonlarni qisqa muddatda olib berish vaʼdasi bilan oʻzbekistonliklarni aldab, toʻsiqlarsiz mablagʻ yigʻishda davom etishdi. Bu esa “tergov”ning soxta mohiyatini hamda davlatning bunday firibgarliklarga chek qo‘yishga siyosiy irodasi yoʻqligini yaqqol koʻrsatadi.

Shu bilan birga, aldangan ulushdorlarni ta’qib qilishning puxta o‘ylangan va maqsadli tizimi mavjudligini ham qayd etish lozim, bu tizim uyushgan korrupsion sxemaning ajralmas qismiga aylangan.

Xususan, “Glamour Gold” vakillari nazorat ostidagi Telegram-kanallar orqali jabrlanuvchilarni noqonuniy kuzatishni puxta tashkil etishgan. Ulushdorlarning shaxsiy maʼlumotlari va oʻz huquqlarini himoya qilishga qaratilgan harakatlari haqidagi axborotlar Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasining ayrim xodimlariga muntazam ravishda yetkazib turilgan. Keyinchalik, profilaktika inspektorlari orqali fuqarolarga bosim oʻtkazish mexanizmi ishga tushirilgan: doimiy tahdid va qoʻrqitishlar bilan birga, repressiv strategiyaning bir qismi boʻlgan “profilaktik suhbatlar” oʻtkazilgan.

Bunday amaliyotlar kam uchraydigan holat emas, balki keng koʻlamli tus olgan boʻlib, javobgarlikdan qochishning sinalgan mexanizmi sifatida qoʻllanilmoqda. Mazkur vaziyat mamlakatda adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash tizimiga nisbatan jiddiy shubhalarni yuzaga keltiradi.

Davlat apparati fuqarolar huquqlarini himoya qilish oʻrniga, ularning ijtimoiy faolligini bostirish va Glamour Gold bilan bogʻliq jinoiy guruhlar manfaatlarini koʻzlovchi vositaga aylanib qolgan. Bu holat huquqni muhofaza qilish va mahalliy hokimiyat organlari korrupsion sxemalar himoyachisi sifatida ish yuritayotganini, shuningdek jinoyatlarni fosh etish va firibgarliklarning oldini olishga faol toʻsqinlik qilayotganini anglatadi.

Yuqorida taʼkidlanganidek, 2025-yil 2-noyabrda Toshkent shahar IIBB boshligʻi polkovnik Sultonxoʻjayev tomonidan oʻz oʻrinbosari — Tergov boshqarmasi boshligʻi Dilmurod Mirsodiqovga “Glamour Gold” ishiga ikki hafta muddat ichida oydinlik kiritish hamda firibgarlikdan jabr koʻrgan ulushdorlar manfaatlarini himoya qilish boʻyicha qatʼiy topshiriq berilgan edi. Shunga qaramay, poytaxt tergov boshqarmasi mazkur topshiriq ijrosiga masʼuliyatsizlik bilan yondashib, Dmitriy Kan va uning sheriklarining jinoiy faoliyatini asl mohiyatini chalgʻitishga urinayotgandek taassurot uygʻotmoqda.

Bu jarayonda tergov boshqarmasi xodimi Elmurod Muxamaliyev muhim rol oʻynaydi. Dmitriy Kanning Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidagi yuqori lavozimli homiylarining koʻrsatmalariga binoan, u qurilish sohasidagi moliyaviy piramida tashkilotchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning ogʻirligini kamaytirish va ayblovlarni yumshatish maqsadida tergovni tizimli ravishda manipulyatsiya qilib kelmoqda. Muxamaliyevning bu harakatlari nafaqat tergovni sabotaj qilmoqda, balki oʻzining korrupsion manfaatlariga ham xizmat qilmoqda.

Bunday xatti-harakatlar yuqori doiralardagi hokimiyat organlari keng koʻlamli firibgarlik sxemalarini yashirish va himoya qilish uchun oʻz vakolatlaridan qanday foydalanayotganini yaqqol koʻrsatib turibdi. Oqibatda, huquqni muhofaza qilish organlari jinoiy manfaatlarni himoya qilish hamda adolatga toʻsqinlik qilish vositasiga aylanib qolmoqda.

Elmurod Muxamaliyevning xizmatdan tashqari hayoti, ayniqsa uning huquqni muhofaza qilish organlaridagi mavqei hisobga olinsa, oqilona va mutlaqo asosli savollarni tugʻdiradi. U hashamatli turmush tarzi, qimmatbaho mashinalar, xorijga muntazam sayohatlar hamda yengil-yelpi hayotga moyilligi bilan tanilgan. Toshkent shahar IIBB xodimining bunday hayot tarzi uning rasmiy daromadiga mutlaqo mos kelmaydi.

Elmurod Muxamaliyevning oltin sepilgan goʻsht kabi dabdabali taomlarga boʻlgan muhabbati — oʻrtacha daromadi atigi 200 AQSh dollarini tashkil etadigan millionlab Oʻzbekiston fuqarolarining qashshoq hayoti fonida nafaqat kasbiy etikaga zid, balki xalqni mutlaqo haqorat qilishdek koʻrinadi.

Muxamaliyev Turkiyaga qilgan har bir sayohati davomida yaqinlari bilan Istanbuldagi mashhur “Nusr-Et” (Nusret Gökçe) restoraniga tashrif buyurishni kanda qilmaydi. U yerda oltin sepilgan goʻsht taomidan tatib koʻrish hamda restoran egasi bilan selfi tushish bir kishi uchun kamida 1000 AQSh dollari miqdoridagi xarajatni tashkil etadi.

Shu tariqa Muxamaliyev nafaqat hashamatli va dabdabali hayotga boʻlgan ishtiyoqini namoyish etadi, balki oʻzining soxta qudratini koʻz-koʻz qilishga urinadi.

Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi xodimining bunday xatti-harakatlari odob-axloq meʼyorlaridan mutlaqo tashqarida boʻlib, uning daromad manbalari haqida jiddiy savollarni keltirib chiqaradi. Ayniqsa, uning rasmiy maoshi va hashamatli sayohatlar uchun sarflanadigan xarajatlar oʻrtasidagi ulkan tafovut buni yaqqol tasdiqlaydi.

Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining hashamati va oʻzbekistonliklarning qashshoqligi oʻrtasidagi bu qarama-qarshilik xalq gʻazabini qoʻzgʻatadi, rasmiylarga boʻlgan ishonchni yoʻq qiladi hamda hukumatning jamiyatdagi haqiqiy muammolarga mutlaqo beparvoligini namoyon etadi.

Mazkur faktlar Dmitriy Kan va uning sheriklarining jinoiy faoliyatini yashirgan mansabdor shaxslarning harakatlariga zudlik bilan toʻliq ichki tergov oʻtkazib, huquqiy baho berishni talab qiladi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston, afsuski, tartibsiz va aksar hollarda tegishli meʼyorlarga rioya qilinmagan qurilishlar maydoniga aylanib qolgan. Mamlakat shaffof nazoratsiz va jamoatchilik muhokamalarisiz barpo etilayotgan, sifati shubhali hamda seysmik chidamliligi kafolatlanmagan koʻp qavatli binolar “oʻrmoni”ni eslatmoqda. Oʻzbekistonda matbuot erkinligining boʻgʻilishi va mustaqil nazoratning yoʻqligi turli “qurilish piramidalari”ning ildiz otishiga sharoit yaratmoqda. Bunday vaziyat aholi xavfsizligi muayyan guruhlarning manfaatlari yoʻlida qurbon qilinayotganidan dalolat beradi.

Bunday sharoitda Oʻzbekiston hukumatining “investorlarni jalb qilish” va “qulay investitsiya muhitini yaratish” haqidagi bayonotlari bayonotlari ochiqdan-ochiq firibgarlik kabi yangraydi. Aslida davlat oʻz fuqarolarining manfaatlariga xiyonat qilib, tor doiradagi biznes guruhlarini boyitish maqsadida ichki investitsiyalarni gʻarazli niyatlar yoʻlida yoʻnaltirishga sharoit yaratmoqda. Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston”ida oʻn minglab aldangan oilalar yillar davomida hukumat koʻmagisiz tashlab qoʻyilgan. Qonun, adolat va inson huquqlarini himoya qilish haqidagi balandparvoz gaplar xudbinlik hamda ikkiyuzlamachilik ramziga aylanib bormoqda.

Aldanganlar mamlakati: Isyon muqarrar

“Glamur Gold ishi” — bu shunchaki navbatdagi janjal emas, balki tizimli korrupsiya, hokimiyatning beparvoligi va fuqarolarni qasddan aldashning ramzidir. Butun mamlakat bo‘ylab minglab qurilish kompaniyalari aynan mana shunday firibgarlik sxemasi asosida ish yuritmoqda. Ular faqatgina korrupsiyaga botgan amaldorlarning homiyligi hamda nazorat organlarining soxta tekshiruvlari tufayligina mavjud bo‘lib kelmoqda, bu esa odamlar xavfsizligini shunchaki quruq rasmiyatchilikka aylantirib qo‘ygan.

Ular tomonidan qurilgan uylar — haqiqiy ajal tuzog‘idir. Bu binolar qurilish me’yorlarini qo‘pol ravishda buzgan holda, hech qanday real nazoratsiz va mutlaqo mas’uliyatsizlik bilan qad rostlamoqda. Birinchi jiddiy zilzila vaqtidayoq bu mavzelar yuz minglab oʻzbekistonliklar vayronalar ostida tiriklayin ko‘miladigan fojia zonalariga aylanadi. Ushbu uylar shunchaki sifatsiz qurilgan binolar emas, balki o‘zbekistonliklar hayotini xavf ostiga qo‘yadigan potensial ajal qafaslaridir, davlat esa ular uchun hatto minimal darajadagi himoyani ham ta’minlashga tayyor emas.

Shavkat Mirziyoyev rejimining xalqaro forumlardagi iqtisodiy yutuqlar haqidagi bayonotlari mamlakat ichidagi real ijtimoiy manzaraga mutlaqo zid kelmoqda. Yuz minglab odamlarning xavfli va yaroqsiz binolarda istiqomat qilayotgani amaldagi islohotlarning eng zaif va fojiali nuqtasi boʻlib qolmoqda. Inson hayotini xavf ostiga qoʻygan holda, faqat tashqi imijni koʻz-koʻz qilish kelajakda tiklab boʻlmas talofatlarga sabab boʻlishi mumkin. Bunday yoʻqotishlarning bahosi esa har qanday moliyaviy koʻrsatkichlaru soxta reytinglardan cheksiz darajada yuqoridir.

“Glamour Gold” mijozlarining muammolarini mensimaslik va masʼuliyatni faqat xususiy tashkilotlarga agʻdarish Oʻzbekistonda ijtimoiy noroziliklarni keltirib chiqaruvchi omildir. Mutasaddi idoralar yillar davomida qurilish kompaniyalarining jazosiz talon-toroj ishlariga sharoit yaratib berganliklari uchun javob berishlari kerak. Fuqarolarning huquqlarini tiklash — davlatning marhamati emas, balki konstitutsiyaviy majburiyatidir.